O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bolalar yozuvchisi Djanni Rodarining 95 yilligiga bag‘ishlangan kitob ko‘rgazmasi ochildi -
Bo`limga qaytish
16.10.2015
2015 yil 16 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mashhur bolalar yozuvchisi, shoir, ertakchi va hikoyanavis Djanni Rodarining kitob ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada Djanni Rodarining har bir xonadonga kirib borgan, bolajonlarga yaxshilikning hamisha yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishini o‘rgatadigan quvnoq she’rlari, ertak va hikoyalaridan iborat kitoblari o‘rin olgan.
Djanni Rodari 1920 yilda Italiya shimolida novvoy oilasida dunyoga kelgan. U hamisha havonlarga rahmdil bo‘lganidan, adolatparvar, mehnatsevar va olijanob inson bo‘lib yetishdi. 17 yoshida muallimlik diplomini olgach, u qishloq maktabining boshlang‘iya sinflarida dars bera boshladi. U xushchaqchaq muallim edi, o‘quvchilarga qiziqarli hikoyalar so‘zlab berar. Shunday qilib Dj.Rodari bolalar uchun quvnoq va ajoyib hikoya va ertaklarni to‘qiy boshladi.

Uning asarlari maftunkor, hazil-mutoyiba, bolalarga bo‘lgan cheksiz mehr bilan yo‘g‘rilgan. Uning she’rlari, qo‘shiqlari va sanoq she’rlarida bolalarning shodon, beg‘ubor va samimiy kulgusi jaranglaydi. Uning ibratli, ezgulikka chorlovchi ertaklari qahramonlari kitobxonning eng yaxshi do‘stlariga aylanadi. Ular mehribonligi, jasurligi va haqgo‘yligi bilan kitobxon mehrini qozonadi.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan Dj.Rodarining “Knijka raznыx pochemu?”, “Salom, bolalar!”, “Chippolinoning sarguzashtlari”, “Rim ertaklari”, “Grammatika fantazii”, “Telefonda aytilgan ertaklar”, “Poezd stixov”, “Djelsomino yolg‘onchilar mamlakatida”, “Planeta Novogodnix yolok”, “Novogodniy podarok” va boshqa kitoblari dunyoning ko‘p tillariga tarjima qilingan bo‘lib, ko‘plab bolajonlar va ularning ota-onalarining sevimli kitoblariga aylangan.
.jpg)
“Knijka raznыx pochemu?” kitobi ota-onalarga farzandlarining qiziquvchan savollariga javob topishga yordam bersa, “Telefonda aytilgan ertaklar” kitobi ota-onalarga farzandlariga mos ertaklar topishda, ularning jajji qalblariga yo‘l topishda, birgalikda vaqtni chog‘ o‘tkazishda ko‘mak beradi.
Bolalar yozuvchisi Djanni Rodarining 95 yilligiga bag‘ishlangan kitob ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan yosh kitobxonlar va ularning ota-onalari ertakchi va shoirning ijodi bilan yaqindan tanishish va o‘zlarining sevimli kitoblarini varaqlab yodga tushurish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.