Foydali resurslar
2015 yil 6-15 oktyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda axborot-kutubxona sohasida loyihalarni chuqurlashtirish davrida soha mutaxassislarining axborot madaniyatini va media savodxonligini shakllantirish” loyihasi doirasida axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari uchun axborot madaniyatini va media savodxonligini shakllantirish bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi. Loyihaning maqsadi YUNESKOning “O‘quvchining axborot madaniyati asoslari” o‘quv-metodik kompleksi yordamida O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining axborot madaniyatini va media savodxonligini oshirish.
Treningda ishtirokchilar YUNESKOning o‘qituvchilar media savodxonligini oshirish dasturi haqida bilib oldilar, media savodxonlik va shaxsning axborot madaniyati sohasida xalqaro yetakchi yo‘nalishlar, 1-4 sinflarga mo'ljallangan 85ta darsning mazmun va mohiyati, shuningdek, axborot madaniyati va media axborot savodxonligi asoslarini o‘rgatishda bolalar yoshini hisobga olgan holda ularga mos mavzular, o‘qitish shakllari va uslublari bilan tanishdilar.
Trening ishtirokchilari birinchi sinf o‘quvchilari darslarining o‘ziga xosligi haqida suhbatlashdilar, matnlarni tahlil va sintez qildilar va ekspertlar sifatida interfaol uslublarni qo‘llagan holda kichik yoshdagi foydalanuvchilarga murakab ma’lumotni yetkaza olish mahoratlarini namoyish etdilar.
“Axborot-kutubxona mutaxassislarining axborot madaniyatini va media savodxonligini shakllantirish treningida ishtirok etib, men “O‘quvchining axborot madaniyati asoslari” o‘quv-metodik kompleksi va ta’lim tizimida axborot-kutubxona mutaxassislarining axborot madaniyati va media savodxonligining ahamiyati haqida ko‘p foydali ma’lumotga ega bo‘ldim, -deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Farg‘ona viloyati AKM direktori F.Nuriddinova. – Uyga qaytgach, men o‘quvchilarni hujjatlar turlari bila tanishtiraman, ularni izlash va tahlil qilishni o‘rgataman”.
.jpg)
Surxondaryo viloyati AKM direktori X To‘raqulov mazkur nafaqat kutubxonachilar, balki o‘qituvchilar uchun ham ahamiyatli treningni dolzarbligini ta’kidlab o‘tdi. “Men kutubxona sohasi mutaxassislarining axborot madaniyati tashuvchisi sifatidagi tayyorgarligini maqsadga muvofiq deb bilaman va bu loyihaning tez kunlarda tadbiq etilishiga umid qilaman”.

“Zamonaviy texnika va texnologiyalar kuchi inson ongi va fe’l-atvorini boshqarish xavfini soladi, bizning vazifamiz esa odamlarni axborot yuksak taraqqiy etgan muhitdagi hayot sharoitlariga tayyorlashdan iborat, - dedi Toshkent shahar Yashnobod tumani AKM direktori o‘rinbosari N.Qayumova. – Bizning maqsadimiz aynan shu texnik taraqqiyot imkoniyatlaridan kerakli axborotni izlash, tahlil qilish va ishlov berishda foydalanish”.

Trening so‘ngida ishtirokchilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, YUNESKOning axborot madaniyati va media savodxonligi bo‘yicha eksperti, professor N.I.Gendinaga qiziqarli olib borilgan darslar va O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashkil etilgan dolzarb trening uchun minnatdorchilik izhor etdilar.
