Foydali resurslar
2015 yil 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazir tavalludining 100 yilligiga “Bolajonlarni o‘ylaganimda…” mavzusida kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada o‘zbek bolalar va o‘smirlar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Hakim Nazirning hikoyalari, qissalari va pyesalari taqdim etilgan.
Hakim Nazir 1915 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent pedegogika institutining kechki bo‘limida o‘qib yurgan davrlaridayoq u bolalar radiosida ishlar, bolalar gazetasi uchun lavhalar, reportajlar, maqola va hikoyalar yozar edi. O‘z asarlarda yozuvchi bolalar va o‘smirlarga xos beg‘ubor qalb harorati va tuyg‘ularini ardoqlashga intildi, ularni mehnatsevar, el-yurt, vatan farzandlari bo‘lishga chaqirdi va yoshlik tashvishlari, orzu-intilishlarini ifoda etdi.
Ko‘gazmada Hakim Nazirning 1948-1998 yillar oralig‘ida bolalar uchun yozilgan “Dadamni topib beringlar”, “Qishloqdagi jiyanlarim”, “Besh baho”, “Bolajonlarim”, “Meni taniysizmi?” kabi she’riy va hikoya kitoblari bilan bir qatorda o‘smirlar uchun yozilgan “Yonar daryo”, “Odamning qadri”, “Cho‘l havosi”, “Ko‘korol chiroqlari”, “Kenjatoy”, “Tohir-Zuhra qissasi” va boshqa kitoblari o‘rin olgan. Shuningdek bu yerda uning besh jildlik asarlari to‘plami va “Oq fotixa yoki bolalik sarguzashtlarim” va “Yodimdasiz, azizlarim” xotira kitoblari ham namoyish etilgan.

Yozuvchining “Lochin qanotlari” romanida yosh avlodning komil inson bo‘lib yetishish, umidlari va orzulariga erishish yo‘lida duch keladigan to‘siqlar va tashvishlarni yengib yashash g‘oyasi ifoda etilgan. Hakim Nazir dramaturg sifatida “Chiranma g‘oz, hunaring oz” pyesasi bilan o‘zbek bolalar dramaturgiyasi rivojiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Hakim Nazirning V. Kataev, A. Gaydar, P. Pavlenko, L. Kassil va boshqa ko‘plab yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, adibning bolalar haqidagi qator asarlari rus, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, gruzin, arman, ukrain, belorus, latish, litva, eston, nemis, fransuz, ispan, bulg‘or, chex, mo‘g‘ul tillariga tarjima qilingan.
Shoir, yozuvchi va tarjimon, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazirning 100 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar, uning hayoti va ijodiy faoliyati to‘g‘risida ko‘p qiziqarli va yangi ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.
