O‘zbekiston Miliiy kutubxonasi nodir kitoblar muzeyi ekspozitsiyasi yangilandi -
Bo`limga qaytish
30.09.2015
O‘zbekiston Miliiy kutubxonasi kitob muzeyining navbatdagi ekspozitsiyasi tabiiy fanlarga bag‘ishlandi. Ekspozitsiya maqsadi – foydalanuvchilarni natijalari hali ham dolzarb, tushunchalar majmuyi, qonunlar va nazariyalar ko‘rinishidagi qadimiy ilmiy tadqiqotlar bilan tanishtirishdan iborat. Bu yerda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlarga boy fondida saqlanayotgan astronomiya, matematika, geometriya, botanika, zoologiya, kimyo va boshqa tabiiy fanlarga oid adabiyotlar o‘rin olgan.
Muzey ekspozitsiyasi XVII - XIX asrlarda yaratilgan nodir, xatto Markaziy Osiyo mintaqasida yagona nus’halardagi kitoblar, albomlar, ensiklopediyalar, lug‘atlar va qo‘lyozma hamda toshbosma asarlardan tashkil topgan.
Ko‘rgazmadagi tarixiy manbalar hozirgi davrga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lib, zamonaviy darsliklar uchun negiz vazifasini o‘tab kelmoqda. O‘tgan asrlar olimlari tomonidan ishlab chiqilgan formulalar, ilmiy tadqiqotlar va kashfiyotlar hozirda aniq fanlar sohasida ilmiy isbotlangan, fundamental asos bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma joriy yilning 31 oktabriga qadar davom etadi.