O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti «Bolalar kitobi» II respublika festivalida ishtirok etdi -
Bo`limga qaytish
17.09.2015
2015 yil 17 sentabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti «Bolalar kitobi» II respublika festivalida ishtirok etdi. “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu festival maqsadi - barkamol avlod tarbiyasi, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ezgu ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuq va marralar mazmun-mohiyatini o‘quvchilar, keng jamoatchilikka tushuntirish, yoshlar tarbiyasida kitobning o‘rni va ahamiyati ulkan ekanligini yosh kitobxonlarga va ularning ota-onalariga yetkazishdan iboratdir. Festival doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, adabiy kechalar, mushoiralar bilan bir qatorda respublikamizda faoliyat kshrsatayotgan nashriyotlar o‘z maxsulotlari taqdimoti bilan qatnashdilar.

Festivalning asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tayotgan G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida chop etilgan 50 dan ziyod nomlanishdagi kitoblar, poligrafiya mahsulotlari va bosma nashrlar kitobsevarlar e’tiboriga havola etildi. Ayniqsa, Milliy kutubxona faoliyati bilan tanishtiruvchi “Infolib” jurnali va plakatlar tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. “No‘xat polvon”, “Ur to‘qmoq”, “Uch baqaloq” va “Ayyor chumchuq” ertak-kitoblari esa jajji kitobsevarlarni o‘ziga jalb etdi. Turli ertak qahramonlari obraziga kirgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ko‘ngillilari festival qatnishchilarini Milliy kutubxonada chop etiladigan nashrlar va kutubxona imkoniyatlari bilan tanishtirishda yaqindan ko‘maklashdilar.

Festival qatnashchilari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida chop etilgan nashrlarga alohida e’tibor qaratdilar, kutubxona vakillariga o‘z savollari bilan murojaat etdilar va ularni xarid qilish istagini bildirdilar. O‘z o‘rnida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti mehribonlik uylariga o‘z maxsulotlarini armug‘on etdilar.