O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti Shukur Burhonov tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan «Sahnada yashamoq kerak» deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
15.09.2015
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti Shukur Burhonov tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan «Sahnada yashamoq kerak» deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari, Sh.Burhonovning oila a’zolari, maslakdoshlari, Glier nomidagi RIMAL o‘quvchilari, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti talabalari hamda kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida ishtirokchilar e’tiboriga «O‘zbekkino» Milliy Agentligi tomonidan tasvirga olingan «Shukur Burhon» videofilmi namoyish etildi, shuningdek, ular O‘zbekiston xalq artisti Shukur Burhonov gavdalantirgan obrazlar muhrlangan fotosuratlarni tomosha qildilar.
Kechani O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Umida Teshaboeva ochib berdi. O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga o‘zbek sahnasining jonkuyar va fidoyi aktyori xotirasiga bo‘lgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildirdi va shogird sifatida ustozi haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbirda so‘zga chiqqan xalqimiz ardog‘idagi bir qancha aktyor va aktrisalar: O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diev, Turg‘un Azizov, To‘ti Yusupova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlardan Ra’no Yarashova, Zuxra Ashurova va iste’dodli aktrisa Dilnoza Kubaeva, rejissyor Hamid Qahramonov, “Shukur Burhonov” nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mashruh Sayfiddinovlar buyuk teatr va kino aktyorining mahorati, u yaratgan his-hayajonga to‘la yorqin obrazlarini, o‘zbek kinosi va teatrining dunyoga tanilishida qo‘shgan ulkan hissasini alohida e’tirof etdilar. Ayniqsa, Shukur Burhonov yaratgan obrazlardan ijro etilgan parchalar tomoshabinlarga juda manzur bo‘ldi.
O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev ustozi haqidagi esda qolgan voqealarni so‘zlab berdi va Shukur Burhonov yaxshi ko‘rib tinglagan mumtoz ashulalarni ijro etib berdi.

Tadbir doirasida tashkil qilingan Gamlet, Farhod, Edip, Ulug‘bek, Brut, Yalangto‘sh va ko‘pgina boshqa obrazlarni yaratgan Shukur Burhonov ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, fotosuratlar, maqolalaridan iborat kitob-rasmli ko‘rgazma ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
.jpg)