Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturiga noyob hujjatli meroslarni taqdim etish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘z ishini boshladi - Bo`limga qaytish


15.09.2015

 

2015 yil 15-17 sentabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturiga noyob hujjatli meroslarni taqdim etish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad - mamlakatimizda jahonda noyob hisoblanmish hujjatli meroslar ro‘yxatiga loyiq manbalarni aniqlab, ularni belgilangan usullarga muvofiq asrashga hamkorlik qilish, noyob hujjatli merosga ommaviy tarzda foydalanish uchun ko‘mak berish, noyob hujjatli merosning ma’no-mazmuni va mavjudligi haqidagi ma’lumotni  butunjahon darajada targ‘ib qilish.
 
Tadbirni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari U.Teshabaeva ochib, Milliy kutubxona hamda YuNESKO o‘rtasidagi hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, kutubxona fondlarini saqlash, restavratsiya va konservatsiya masalalari, Ochiq ta’lim manbalaridan axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarini foydalanishi va shu orqali xizmat ko‘rsatishga bag‘ishlangan bir qator tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi. YuNESKOning O‘zbekistondagi vakili Krista Pikkat “Jahon xotirasi” dasturining maqsadi va asosiy vazifalari haqida ma’lumot berdi. «Oltin meros» jamg‘armasi raisi Amirqul Karimov yurtimizda turli muassasa va tashkilotlarda saqlanib kelinayotgan nodir va qimmatli hujjatlarni saqlash va dastur ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar haqida so‘zladi.
Birlashgan millatlar tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKO dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur tashkilotning asosiy vazifasi xalqlarning ma’naviy dunyosini yuksaltirish, ular o‘rtasida o‘zaro madaniy va ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash orqali jahonda totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini qaror toptirishdan iborat.
Yurtboshimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarimizni tiklash, madaniy yodgorliklar, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, ilm-fan va ta’lim sohalarini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda. Xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyati, ajdodlarimizning buyuk iste’dodi, jahon tamadduniga qo‘shgan boy ma’naviy merosi dunyoda yuksak baholanib, mamlakatimizda YuNESKO ishtirokida ko‘plab xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizning ko‘pgina qadimiy obidalari YuNESKOning “Jahon madaniy merosi” ro‘yxatiga kiritilgan, “Shashmaqom” va Navro‘z bayrami insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonasi, Buxoro shahri - “Tinchlik shahri” deb e’lon qilingan, Toshkent shahrida saqlanayotgan Usmon Qur’oni va Sharqshunoslik instituti qoshidagi Qo‘lyozmalar Markazida to‘plangan nodir qo‘lyozmalar esa “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan. Bu esa O‘zbekistonni dunyoga tanitishda va uning boy ma’naviy merosini avloddan avlodga yetkazishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘z ishini boshlagan tadbirda “Jahon xotirasi” reestrini qayta ishlab chiqishga nomzodlar tavsiya etiladi, bu jarayonda OAVlarini jalb etib, ommabop axborot materiallarni nashr etish masalalari muhokama etiladi. 3 kun davomida mutaxassislar O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar” xizmati fondi haqida, u yerda saqlanayotgan nodir kitoblar pasportini yaratilishi to‘g‘risida, “Jahon xotirasi” dasturi bo‘yicha 2014 yilda Bishkekda o‘tkazilgan YuNESKO mintaqaviy o‘quv mashg‘uloti haqida, “Jahon xotirasi” dasturi doirasida noyob hujjatli meroslarni taqdim etish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash tartibi to‘g‘risida ma’ruzalar tinglanadi. Xorijiy davlatlar tomonidan tayyorlangan noyob hujjatli  meroslarning nomzodnomalari tahlil etiladi, “Jahon xotirasi” dasturi doirasida noyob hujjatli  meros sifatida tavsiya etilayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan “Al-Ahkom” (Movardiy) qo‘lyozmasi, Samarqand, Buxoro va Andijon viloyat muzeylari, “Bilim”, “Turon” axborot-kutubxona markazlari va “O‘zarxiv” agentligi nomzodnomalarining taqdimotlari havola qilinadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi axborot-kutubxona muassasalari, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “O‘zarxiv” agentligi xodimlari ishtirok etdi.

 

Oldin      Keyin
Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar