O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ochiq eshiklar haftaligi” davom etmoqda -
Bo`limga qaytish
09.09.2015
Hayotimizda fan va ilg‘or texnologiyalarning taraqqiy etib borayotganini inobatga olgan holda, yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama rivojlangan barkamol avlod bo‘lib yetishishi maqsadida hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasini isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ta’lim va ma’naviy tarbiyani uzviy olib borish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, yangi axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar o‘rta-sida ilmga bo‘lgan intilish mustaqillik davrida olib borilgan islohotlarning samarasidir.
Ta’lim sifatining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan, darslarga tayyorgarlik, mustaqil, ijodiy fikrlashda ko‘mak berayotgan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi har o‘quv yili boshida “Ochiq eshiklar haftaligi” va “Milliy kutubxona bilan birga bir kun” ko‘chma tadbirini o‘tkazib kelmoqda. Zero, kutubxona imkoniyatlari bilan tanishish uchun eng manzur usul - u yerda o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni”ga tashrif buyurishdir.




.jpg)
.jpg)

“Ochiq eshiklar haftaligi”da kutubxona tarixi, faoliyati va resurslari bilan tanishtiruvchi ekskursiyalar o‘tkazildi, ilmiy-ta’limiy xorijiy elektron bazalar, “Ilmiy ishlar bazasi” bilan ishlash bo‘yicha treninglar tashkil etildi, foydalanuvchilar Milliy kutubxonaning axborot resurslaridan, ya’ni bosma va elektron nashrlardan hamda elektron va an’anaviy katalog va kartotekalardan foydalanish, kerakli resurslarni izlash, ularga buyurtmani rasmiylashtirish, info-kiosk hamda internet va WI-FI xizmatlaridan foydalanish qoidalari bilan ham tanishdilar. Haftalik davomida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent moliya instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Abu Rayhon Beruniy nomli Toshkent davlat texnika universiteti va boshka OO‘Yu talabalari uchun 20dan ziyod ekskursiyalar tashkil etildi va 1200dan ziyod foydalanuvchilar ro‘yxatga olindi.
“Milliy kutubxona bilan birga bir kun” ko‘chma tadbirida esa O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari OO‘Yu professor-o‘qituvchilari va talabalariga kutubxona faoliyati va resurslari bilan tanishtiruvchi taqdimotlar qildilar. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tkazilgan tadbirda kutubxonaning yetakchi mutaxassislari N. Holdorova, V. Polyakova va M. Muratovalar talabalarni kutubxona bilan bog‘liq voqealar aks ettirilgan hujjatli film bilan tanishtirdilar, kutubxonaning hozirgi kundagi imkoniyatlari, resurslar qidiruv tizimi, mavjud ilmiy, audio va video resurslar, yangi loyihalar va xorijiy axborot resurslari haqida so‘zlab berdilar. Mazkur tadbir doirasida 1-bosqich talabalarining mutolaadagi afzalliklarini tahlil qilishga yordam beruvchi “Kitob-mutolaa-talaba” tezkor so‘rovnomasi o‘tkazildi. Suhbat davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.



O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ochiq eshiklar haftaligi” 2015 yil 12 sentyabrga qadar davom etadi.