O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Abu ali Ibn Sino tavalludining 1035 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
16.08.2015
2015 yil 16 avgust kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sharqning ulug‘ allomasi Abu ali Ibn Sino tavalludining 1035 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk alloma qomusiy olim” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Buyuk forsiy qomusiy olim, faylasuf, tabib, shoir, musiqachi va matematigining ilmiy merosi bebaho. U ilmning barcha sohalarini: falsafa, mantiq, musiqa, she’riyat, tilshunoslik, tibbiyot, matematika, astronomiya, kimyo, biologiya va geologiya fanlarini qamrab olgan.

Abu Ali al-Husayn Abdulloh ibn al-Xasan ibn Ali 980 yil Buxoro viloyatining Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan. Ibn Sino Buxoro xalqi orasida mohir tabib sifatida taniladi. Ma’lumki, u Buxoro amiri Nux ibn Mansurni og‘ir xastalikdan davolaydi, evaziga saroy kutubxonasidan foydalanishga izn so‘raydi va bu imkoiyatga ega bo‘ladi. Somoniylar kutubxonasi o‘sha davrda butun O‘rta va Yaqin Sharqdagi eng katta va boy kutubxonalardan bo‘lgan. Ibn Sino bir necha yil davomida shu kutubxonada kechayu kunduz mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘z davrining eng o‘qimishli, bilim doirasi keng kishilardan biriga aylanadi va shu paytdan boshlab o‘rta asr falsafasini mustaqil o‘rganishga kirishadi. Shu yerda uning tibbiyotga bag‘ishlangan tibbiy asarlar to‘plamini yaratish g‘oyasi paydo bo‘ladi. Ibn Sino avlodlarga 456ta arab tilida va 23ta fors tilida asar qoldirdi.

Abu ali Ibn Sino hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazmada buyuk olimning bizning zamonamizda nashr etilgan mashhur falsafiy qomusi “Kitobash-shifo”, “Tib qonunlari” to‘plami, “Sharq tabobati”, “Dorivor o‘simliklar risolasi”, “Yurak dorilari risolasi”, “Sog‘liqni saqlashga doir risolalar” kitoblari va ibn Sino hayoti haqida hikoya qiluvchi qitoblar o‘rin olgan. Ularda turli kasalliklar belgilari, ularning oldini olish va davolash usullari berilgan.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar mutafakkir, tabib, ustoz va davlat arbobi maqomini o‘zida mujassam qilgan inson haqida va mamlakatimizda ibn Sinoning 1035-yillik tavalludi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida ko‘pgina qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.