O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Yuksak ma’naviyatli avlod” yoshlar ijodiy festivalining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
29.06.2015
2015 yil 29 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘z safida uch yuzdan ziyod rassomlik, dizayn, milliy xunarmandchilik, amaliy-bezak, notiqlik, musiqa san’ati, jrnalistika va adabiyot sohalarida qobiliyatli yoshlarni jamlagan “Yuksak ma’naviyatli avlod” yoshlar ijodiy festivalining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur festival Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tashabbusi bilan respublika oliy va o‘rta maxsus ta’lim, xalq ta’limi vazirligi, viloyat hokimliklari ko‘magida o‘tkazilib, u yoshlar orasida iqtidorli, intellektual boy va qobiliyatli yoshlarni tanlab ularning layoqatlarini va kasbiy mahoratlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgandir. Festivalning asosiy maqsadi- navqiron avlod o‘rtasida ma’naviy-axloqiy tarbiyaga doir ishlarni zamon ruhiga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yish, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdidlarning oldini olish, yoshlarda mustahkam mafkuraviy immunitetni qaror toptirishga ko‘maklashishdan iborat.

Festivalda 326 ishtirokchi “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan rassom”, “Eng iqtidorli hunarmand”, “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan dizayner”, “Mustaqillik tarixi bilimdoni”, “Yuksak ma’naviyatli avlod (Vatan kuychisi)”, “Badiiy ijod (nazm, nasr, jurnalistika)”, “Prezident asarlari bilimdoni” kabi 8 ta nominatsiya bo‘yicha o‘z iqtidorlarini sinab ko‘rdilar.

Milliy kutubxona foyesida yosh rassomlar, dizaynerlar, amaliy san’at ustalari asarlari o‘rin oldi. Ular o‘z san’ati namunalari – mamlakatimizning har bir viloyatining o‘ziga xosligini aks ettirgan kashtachilik, zardo‘zilik, sopol naqqoshligi, qo‘g‘irchoqlar, milliy matolardan zamonaviy urfda tikilgan kiyimlar, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik va kandakorlik san’ati namunalarini taqdim etdilar. Festivalning ahamiyatli jihati shundaki, ishtirokchilar shu yerning o‘zida mahorat darslari berdilar va hayyat a’zolarining topshiriqlarini bajardilar.

Kutubxonaning o‘qish zallarida esa “Mustaqillik tarixi bilimdoni” va “Prezident asarlari bilimdoni” tanlavlari ishtirokchilari bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek ishtirokchilar o‘z ixtirolarini, she’rlari, hikoyalari va publikatsiyalarini taqdim etishdi. Yosh xonandalar ko‘rik tanlovida esa ularning ona yurtni madh etuvchi, mahaliy shoir va kompozitorlar tomonidan yozilgan va bastalangan qo‘shiqlar tinglandi.

Ishtirokchilar tadbir davomida o‘z hissiyotlarini yashirmadilar, o‘zgalar ijodidan zavqlanganliklarini izhor etdilar va kelajakda hamkorlikka yetaklovchi fikrlar va tajriba almashdilar.