2015 yil 24 iyun kuni “Qabul qilingan qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish bo‘yicha xalqaro tajriba: huquqiy tartibga solinishi va amaliy jihatlari” mavzusida Xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
24.06.2015
2015 yil 24 iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan “Qabul qilingan qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish bo‘yicha xalqaro tajriba: huquqiy tartibga solinishi va amaliy jihatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Undan ko‘zlangan maqsad – qabul qilingan qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish borasidagi ishlar bo‘yicha tajriba almashish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, Qonunni ijro etuvchi organlar ishida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va aholining huquqiy xabardorligida nodavlat va notijorat organlarining roli bo‘yicha xalqaro tajriba almashinuvi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi, Inson huquqlari Milliy markazi, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, vazirlik va idoralar vakillari, olimlar va mutaxassislar, Koreya, Ispaniya, Ozarbayjon, Xitoy, Latviya, Polsha, Rossiya, Vetnam va AQShdan kelgan ekspertlar ishtirok etdilar.

Qabul qilingan qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish mexanizmini samarali tashkil etishni ta’minlash mavzusiga bag‘ishlangan 1-seksiyada xalqaro ekspertlar davra suhbati ishtirokchilarini bu sohada jahon amaliyoti bilan tanishtirdilar. 2-seksiyada esa aholining huquqiy savodxonligini oshirish, Qonunni ijro etuvchi organlar ishida huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan vositalar va usullar haqida fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatining 3-seksiyasida aholining huquqiy xabardorligida nodavlat va notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining roli muhokama qilindi.

Tadbirda “Adolat” nashriyoti va “Tasviriy oyna” Ijodiy uyushmasi axborot materiallari ekspozitsiyasi bilan bir qatorda ishtirokchilar Alisher Navoiy nomidagi O‘bekiston Milliy kutubxonasi fondidagi yuridik adabiyot ko‘rgazmasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Davra suhbati o‘zaro manfaatdor ruhda bo‘lib o‘tdi. Undagi muhokamalar va qizg‘in tajriba almashinuvi natijasida soha foaliyatini yaxshilash, qabul qilingan qonunlarni ijrochilar va aholiga yetkazish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan qator tavsiyalar qabul qilindi.