O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro Olimpiada kuniga bag‘ishlangan “Chempionlik – ko‘ngil ehtiyoji” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
23.06.2015
2015 yil 23 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro Olimpiada kuniga bag‘ishlangan “Chempionlik – ko‘ngil ehtiyoji” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Xalqaro Olimpiada kuni har yili 23 iyun kuni, ya’ni Olimpiya harakatining zamonaviy tus olgan kuni nishonlanadi. Bu sana XOKning tashkil etilgan kuni 1894 yil 23 iyunni abadiylashtirish maqsadida ta’sis etildi. Olimpiya harakati sport yordamida yoshlarni hamjihatlik, do‘stlik ruhida tarbiyalashga va shu orqali tinchlikka erishishga yo‘naltirilgan. Bu tadbirlarning asosiy maqsadi Olimpiada qadriyatlari va timsollarini, sport va Olimpiya harakatlarini targ‘ib qilish, insonlarni muntazam jismoniy tarbiya, sport bilan shug‘ullanishini va sog‘lom turmush tarzini olib borishni ta’minlashdan iborat.

Ko‘rgazmada taqdim etilgan nashrlar Olimpiya harakati tarixi, qadimiy va zamonaviy sport inshootlari, Olimpiya o‘yinlari turlari va sportchilari – turli yillarda Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari bo‘lgan sportchilar bilan tanishtiradi. Milliy kutubxona fondidan taqdim etilgan kitoblar ko‘rgazmasi foydalanuvchilarga “Olimpiada o‘yinlari”, “Olimpiada mash’ali”, “Olimpiada bayrog‘i” kabi tushunchalarni ta’riflaydi, antik stadionlar qahramonlari va zamonaviy o‘yinlar haqida hikoya qiladi. Ekspozitsiyadan “Olimpiada – jahon sporti bayrami”, “Besh xalqa qissasi”, “Sport, sport, sport”, “Prezident. Sport. G‘alaba”, “500 harakatli o‘yinlar”, “XXI asr:Istiqbolimiz timsollari”, “100 velikix sportsmenov”, “Ensiklopediya dlya detey” va “Ya poznayu mir” turkumidan sport va sport o‘yinlari to‘g‘risidagi kitoblar o‘rin olgan.

Fotosuratlar foydalanuvchilarni turli olimpiya yutuqlariga erishgan chempionlar, shular jumlasidan, bizning hamyurtlarimiz bilan ham tanishtiradi. Shubhasiz, Olimpiya chempionlari –har bir davlat g‘ururidir.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan kitoblar orasida “Olimpiada – jahon sporti bayrami” deb nomlanuvchi kitob ham bo‘lib, u foydalanuvchilarniantik davr sporti, o‘zbek milliy sport turlari va milliy Olimpiya ko‘mitasi faoliyati bilan tanishtiradi. Ko‘rgazmada shuningdek, buyuk sportchilarga, sport sohasi mutaxassislari, ya’ni sport ustalari va murabbiylariga mo‘ljallangan kitoblar ham namoiysh etilmoqda.