O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Qurama ohanglari” nomli foto-, audio- va videoalbomlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
19.06.2015
2015 yil 19 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov va “Qurama” folklor-etnografik ansamblining “Qurama ohanglari” nomli foto-, audio- va videoalbomlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda folklorshunos olimlar, san’atshunoslar, shoirlar, yozuvchilar, kompozitorlar, rassomlar, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari, talabalar, folklor san’ati ixlosmandlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Saodat Yo‘ldosheva, “Qurama” folklor-etnografik ansamblining tashkil etilishi tarixi haqida so‘zlab berdi. “1991 yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy laboratoriyasida tashkil etilgan ansambl tez orada Toshkent viloyatining mahaliy folklor an’analarini asrab, targ‘ib etib kelayotgan yetakchi ansambllardan biriga aylandi. U viloyat va respublika mehnatkashlari huzurida o‘z san’atini muntazam namoyon etib kelmoqda. Ansabl O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov tashabbusi bilan tashkil etilgan va uning rahbarligi ostida faoliyat yuritib kelmoqda”, dedi S.Yo‘ldosheva.
“Qurama” folklor-etnografik ansambli qatnashchilari o‘z repertuaridan o‘rin olgan xalq qo‘shiqlaridan ijro etgach, tadbir mehmonlari - folklorshunos olimlar, san’atshunoslar, adiblar, kompozitorlar ansambl ijodiga doir o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, ishtirokchilarni qutladilar va ijodiy muvafaqiyatlar tiladilar.

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir Toshkent viloyati xalqi turli an’analar va urf-odatlarga boyligi, uning tumanlarida folklor-etnografik dastalarning ko‘pdan-ko‘p tashkil etilayotgani va ularning har biri madaniy merosning saqlash va avloddan-avlodga yetkazishda ulkan hissasini e’tirof etdi.
Folklorshunos, f.f.d. professor Shomirza Turdimov qadimgi va unutilayotgan xalq qo‘shiqlari, aytishuvlar, laparlar, o‘lanlarni qayta tiklab uni nafaqat o‘z xalqimizga, balki butun dunyoga tanitishda bu kabi musiqiy dastalarning tashkil etilishi zaruratini aytib o‘tdi. “Qurama”ning yutug‘i u xalqdan unutilayotgan oxanglarni olib ularga hayot bag‘ishlab, xalqqa armug‘on etadi”, dedi Sh.Turdimov.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov, Bildirilgan fikrlar uchun va taqdimotni tashkil etishda ko‘rsatilgan ko‘magi uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, xalq og‘zaki ijodini keng targ‘ib etishda qo‘shgan xissasi uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga, shaxsan professor Saodat Yo‘ldoshevaga minnatdorchilik bildirdi, “Qurama” folklor-etnografik ansambli qatnashchilarini “Qurama ohanglari” nomli foto-, audio- va video albom taqdimoti bilan qutladi va ularga ijodiy barkamollik tiladi.