O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Yoshlar ma’naviyatini va intellektual salohiyatini yuksaltirishda axborot-kutubxona resurslarining o‘rni» mavzusida davra suxbati bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
16.06.2015
2015 yil 16 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi bilan hamkorlikda «Yoshlar ma’naviyatini va intellektual salohiyatini yuksaltirishda axborot-kutubxona resurslarining o‘rni» mavzusida davra suxbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suxbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari bilan bir qatorda boshqaruv organlari rahbarlari va mutasaddilari, olimlar va ta’lim, tarbiya va axborot-kutubxona sohasi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Davra suhbati ishtirokchilari mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini takomillashib borishi natijasida zamonaviy talablarni hisobga olgan holda axborot-kutubxona markazlarini barpo etilganligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksalishi, respublikamiz aholisining axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama etdilar. Davra suhbatini ochiq deb e’lon qilar ekan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishining muhim ahamiyati to‘g‘risida gapirdi.

Ma’naviyat targ‘ibot markazi direktori Q.Quronboev yoshlarning ma’naviy kamol topishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining roliga bag‘ishlangan ma’ruzasida yoshlarning inteollektual salohiyati va ma’naviy darajasini yuksaltirishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, axborot-kutubxona muassasalari bilan birgalikda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samarasi haqida mulohaza yuritdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Tuxtabaev esa “Axborot-kutubxona faoliyatining huquqiy asoslari” ma’ruzasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining asosiy vazifalari va tamoillari bilan tanishtirdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-kutubxona fondi resurslarini boyitish manbalari, muammolar va ularni hal etish choralari bilan tanishtirar ekan, kutubxona direktori o‘rinbosari A.Ishmatov, davra suhbati qatnashchilariga kutubxonaning me’yoriy-huquqiy bazasi, fondga yangi kelib tushgan adabiyotlar manbalari, ilmiy ta’limiy elektron bazalar va kitoblar va davriy nashrlar statistik ma’lumotlari haqida ma’lumot berdi. Davra suhbatida, shuningdek, Toshkent aloqa texnologiyalar universiteti “Axborot kutubxona” kafedrasi dotsenti M.Mahmudovning “Yoshlar ma’naviyatini oshirishda axborot-kutubxona resurslaridan samarali foydalanish usullari” va “ZiyoNET” resurs markazi loyihalarni rivojlantirish guruhi rahbari B.Nosirovning “ZiyoNET” tarmog‘ini yoshlarning ma’naviy jihatdan yuksalishiga ko‘maklashuvchi axborot bilan boyitish” mavzusidagi ma’ruzalari ham tinglandi.
O‘tkazilgan davra suhbati axborot-kutubxona faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan tajriba bilan almashish imkonini berdi, bildirilgan fikr va takliflar esa qabul qilinajak Qonunlar uchun dastur vazifasini o‘taydi.