O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi ozarbayjon tilidagi kitoblar bilan to‘ldirildi -
Bo`limga qaytish
09.06.2015
O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar asosini uzoq o‘tmishga borib taqaladigan mustahkam do‘stlik rishtalari, qardoshlik, madaniyatlar, tillar hamda an’analar mushtarakligi tashkil etadi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniy hayotda ham yuqori samarali va ko‘p qirrali hamkorlik salohiyatiga ega.
2015 yil 9 iyun kuni O‘zbekistondagi Ozarbayjon Respublikasi elchixonasi qoshidagi G.Aliev nomidagi Ozarbayjon milliy madaniy markazi vakillari O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdilar. Tashrif chog‘ida, ikkitomonlama do‘stlik va hamkorlikni mustaxkamlash maqsadida Ozarbayjon milliy madaniy markazi tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga benazir tuhfa sifatida 43 nomdagi jami 59 nusxa Ozarbayjon tarixi, madaniyati, turizmi va iqtisodiyotiga doir kitob va musiqiy disklar hadya etildi.
Milliy kutubxona foydalanuvchilariga Ozarbayjon yozuvchilarining Ozarbayjon san’ati, siyosati, tabiati va madaniyati haqidagi eng yangi turfa xil kitoblar va musiqiy disklar havola etildi. Ozarbayjon, rus va ingliz tillaridagi kitoblar orasida ozarbayjon-o‘zbek va o‘zbek-ozarbayjon so‘zlashgichi ham bor.
Barcha hadya etilgan materiallar Milliy kutubxona fondiga umumiy foydalanish uchun topshirildi.
.jpg)