O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
30.05.2015
2015 yil 30 may kuni O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada Mirtemir hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi kitoblar va uning asarlaridan namunalar o‘rin oldi.
O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir Tursun o‘g‘li 1910 yili tug‘ilgan. U ibtidoiy eski maktabni bitirgach, 1921-1923 yillarda Toshkentdagi «Almaiy» nomli bolalar namuna ish maktabida tarbiyalanadi. Mirtemir 1925 yili o‘zbek Erlar bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1929 yilda tamomlab, O‘zbekiston Davlat pedagogika akademiyasida o‘qiydi. Mirtemir oz muddat oliy maktablarda ham dars beradi, muharririyatlarda xodim, teatrlarda adabiy emakdosh, Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishladi. Uning birinchi she’ri 1926 yilda «Tanburim ovozi» deb nomlangan. «Shu’lalar qo‘ynida» deb nomlangan birinchi kitobi esa 1928 yilda chop etilgan. Unda Vatan madhi, mehnat gashti va yosh zamondoshlarning ma’naviy dunyosi asosiy mavzu sifatida tarannum etiladi. Uning asarlari 30-yillarning ikkinchi yarmidagi o‘zbek lirikasining rivojlanishiga muhim hissa qo‘shgan asarlardandir.

Mirtemirning tarjimonlik san’ati ham tahsinga loyiqdir. U Pushkin, Lermontov, Nekrasov she’rlarini, Rustaveli, Berdaq, Abay, Krilov, Xayne, Tagor asarlari va qirg‘iz xalq eposi «Manas»ni tarjima qilgan.
Ko‘rgazmada kutubxona foydalanuvchilari Mirtemirning “Tog‘day tayanchim”, “Kipriklarim”, “Yangi she’rlar”, “Izlaganim”, “Yodgorlik” kabi she’riy kitoblari va shoirning barcha she’rlarini o‘z ichiga olgan to‘rt jildlik she’rlar saylanmasi bilan yakindan tanishadilar.
