O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Yusuf Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi - Bo`limga qaytish
27.05.2015
2015 yl 27 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan Yusuf Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob ilk bor to‘laligicha o‘zbek tiliga siyosiy fanlari doktori Fazliddin Ravshanov tomonidan tarjima qilindi.
Taqdimotda siyosatshunos olimlar, tilshunoslar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar asarning insoniy fazilatlarni shakllantirishdagi roli, shu fazilatlarni to‘laligicha yetkazib bera olgan Fazliddin Ravshanovning tarjimonlik mahoratiga alohida urg‘u berdilar. “Qutadg‘u bilig” asari to‘laqonli mukammal asar hisoblanadi. Bunda jamiyatda munosabatlarning yuksak darajasi, insonlar o‘rtasida munosabatlar madaniyatining, yoshlar tarbiyasida ma’naviyat tushunchalarini shakllantirishning ahamiyati mujassam. Asar muallifi Yusuf Xos Xojib o‘z asarida jamiyat yetakchilariga ma’lumotli, xalqiga nisbatan jonkuyar, adabiyot va san’atdan bohabar bo‘lish kabi bir qator adolatli talablarni qo‘gan.
Tarjimaning dolzarbligi haqida gapirar ekan, adabiyotshunos olim, f.f.n. S.Sayfullox yig‘ilganlarga F.Ravshanovning mazkur asar tarjimasi bilan shug‘ullanish istagi paydo bo‘lgan davr haqida so‘zlab berdi va muallifni ishning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi. “Mazkur mahobatli asarni unda talqin etilgan fazilatlarga ega bo‘lmay turib tarjima qilish mushkul, shuning uchun F.Ravshanov bunga uzoq yillik mashaqqatlar va shu mavzudagi bir qancha ilmiy izlanishlardan so‘ng erisha oldi,” –dedi u.
O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati raisi, f.f.d., prof. Qiyom Nazarov kitobning kerakliligini uning har bir rahbar, tarixchi, siyosatshunos va o‘qituvchi ish stolida bo‘shlishi kerakliligi bilan asosladi. Toshkent islom universiteti dinshunoslik va dunyo dinlari kafedrasi professori Ahadjon Hasanov esa taqdim etilayotgan kitob “Qutadg‘u bilig” davri tarixini o‘rganishda katta yordam berishini aytdi va muallifga foydali manba uchun minnatdorchilik bildirdi. “Antique World” xalqaro ilmiy Akademiyasi akademigi, f.f.d. Raimboy Jumaniyozov, t.f.n. Ne’mat Polvonov va “Jaxon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizaev tarjima borasida ijobiy mulohazalar bildirdilar, muallifni va o‘quvchilarni kerakli, foydali va qimmatli nashr bilan muborakbod etdilar va taqdimotni tashkil etgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga minnatdorchilik bildirdilar. Sh.Rizaev “kitobdagi g‘oyalar, tavsiyalar va o‘gitlar hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan filmlar va multfilmlarga asos bo‘lishi mumkin”ligini ta’kidlab o‘tdi.
Keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan kitobning taqdimoti ishtirokchilarda yaxshi taassurotlar qoldirdi va kitobga erishish istagini paydo qildi.