O‘zbekiston Milliy kutubxonasida shoir Erkin Samandar ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
28.05.2015
2015 yil 28 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli adib, shoir, dramaturg Erkin Samandar tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “Men shu el farzandiman” mavzusida adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Adibning 80 yilligiga bag‘ishlangan kechada uning kasbdosh do‘stlari, shogirdlari, she’larini kuyga solgan bastakoru xonandlar, Erkin Samandar ijodi ixlosmandlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda o‘z tabriklari bilan so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi, professor Rustam Abdullaev, f.f.d. Nusratullo Jumaxo‘ja, shoira Zulhumor Akbarova, adibning shogirdi Bikanazar shoirning insoniyligi, uning she’riyatida mahalliy, milliy iftixorning sezilishini ta’kidladilar.
Shoir, nosir va dramaturg Erkin Samandar televidenieda adabiy-dramatik ko‘rsatuvlar bo‘limida ishladi, keyinchalik gazetada muharrirlik qildi. U bir qancha she’riy to‘plamlar, asarlar va ocherklar, romanlar va qo‘shiqlar yaratdi. Uning turkum she’rlarida jahongashta shoirning hayot va odamlar haqidagi falsafiy mushohadalari badiiy in’ikosini topgan.

Uning birinchi she’riy to‘plami «Amu jilolari» nomi bilan 1966 yilda chop etilgan. Uning barcha asarlarida yaxshi odamlar, go‘zal tabiat, insoniy muhabbat, sevgi va vafo, mehnat va hayot tashvishlari, armonlaru gumonlar, qisqasi, chuqur ma’naviyat ildizlarini ochishga intilish seziladi. U yaratgan yuzdan ortiq qo‘shiqlar tinglovchilar qalbida muhrlanib qolgan. Shuningdek, u dramaturg va tarjimon sifatida ham tanilgan.
Adabiy-badiiy kecha mehmonlari adibga ijod yo‘li va kelajakdagi rejalar to‘g‘risida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Hofizlar esa Qoraqolpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Karimboy Rahmonov, Shermuhammad Xo‘janiyozov va Saparboy Olimboevlar shoir qalamiga mansub she’rlarga bastalangan qo‘shiqlarni ijro etdilar.