O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda ta’lim” mavzusida munozara bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
26.05.2015
2015 yil 26 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshida faoliyat yuritayotgan chet tillarni rivojlantirish va targ‘ib etish markazi “YES – your English” ingliz tili so‘zlashuv klubi a’zolarining “O‘zbekistonda ta’lim” mavzusida baxs-munozarasi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zlashuv klubining doimiy qatnashchilari va shu mavzuga befarq bo‘lmagan ingliz tilida bemalol so‘zlashuvchi kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Qatnashchilar ikki guruhga bo‘linib, O‘zbekiston ta’lim tizimidagi yangiliklar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, islohotlar, yutuqlar, kamchiliklar va muammolar haqida so‘z yuritdilar. Munozara davomida qatnashchilar O‘zbekistonda ta’lim sohasida shakllangan samarali modelning xorijiy ekspertlar tomonidan yuksak baholanayotganini, bu borada to‘plangan tajribalarni boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida tavsiya etishayotganini e’tirof etdilar.

Munozara qatnashchilari mamlakatimizda bilim olishga, litsey, kollejdan keyin oliy o‘quv yurtlariga kirib o‘qishga intilayotgan yoshlar soni yildan-yilga ko‘payayotganini ta’kidlashdi, yoshlarning aql-zakovati, bilim olishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganiga o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarning keng tatbiq etilishi, sinflar zamonaviy kompyuterlar, DVD-qurilmalari, o‘quv-ko‘rgazmali vositalar, interfaol sinf doskalari va didaktik materiallar bilan ta’minlanganligining ijobiy ta’siri deb baholadilar. Tadbir ishtirokchilari sohada uchrayotgan kamchilik va muammolar haqida ham gapirib, mavjud muammolarni bartaraf etilishiga ishonch bildirdilar.
Tadbir davomida “O‘zbekistonda ta’lim” mavzusida hujjatli film namoyish etildi. Munozara so‘ngida esa qatnashchilar ularning chet tillarga bo‘lgan qiziqishlari va intilishlariga amaliy ko‘mak ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga minnatdorchilik bildirdilar.