O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi - Bo`limga qaytish
26.05.2015
2015 yil 26 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida milliy ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini rivojlantirish va yoshlarning media savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Mazkur turkumdagi seminarlarning galdagisi “Yoshlar ma’naviyatiga ta’sir etuvchi turli xil ko‘ngilochar, axloqsiz, ekstremistik va tajovuzkor hamda noxolis saytlarning salbiy oqibatlari”ga bag‘ishlandi. Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bosh mutaxassisi Irgash Daminov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi Vazirligi qoshidagi ZiyoNet bo‘limi yetakchi mutaxassisi Gulchehra Ibragimova, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi Vazirligi qoshidagi ZiyoNet bo‘limi mutaxassisi Xurshid Nosirovlar yoshlarga ularning ma’naviyatiga ta’sir etuvchi turli xil ko‘ngilochar, axloqsiz, ekstremistik, tajovvuzkor va noxolis saytlarning oqibatlaridan ogoh etuvchi RR-taqdimoti va videolavhalar namoyish etdilar. Shuningdek, ma’ruzachilar yoshlarning Internet yordamida bilim olishi o‘rniga “ommaviy madaniyat” quliga aylanib qolayotgan ba’zi hollarni ham ta’kidladilar va seminar ishtirokchilarini ogohlikka, Internet tarmog‘ida turli salbiy ta’sir etuvchi manbalarga nisbatan e’tiborli bo‘lishga da’vat etdilar.
Seminar ishtirokchilari ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va mazmunli javoblar oldilar. Hozirgi kun muammosini ochib beruvchi, dolzarb mavzuga bag‘ishlangan suhbat talabalarda katta taassurot qoldirdi.