O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
01.06.2015
2015 yil 1 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Kunning birinchi yarmida, tadbir doirasida amerikalik bolalar yozuvchisi Lara Snou Uittonning «Raqqosa Ayiqxon» ertak kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitobda hikoya etilgan voqealarga rasmlar hamyurtimiz rassom Javlon Usmonov tomonidan ishlangan.
Taqdimotda AQShning O‘zbekistondagi muxtor elchisi Pamela Leora Spratlin, elchixona vakillari, Toshkent shahri maktablarining 1-2-sinf o‘quvchilari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

AQShning O‘zbekistondagi muxtor elchisi P.Spratlin bolajonlarni bayram bilan tabriklab, ularga sog‘lik va ulkan omadlar tiladi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga kitob taqdimotidagi ko‘magi uchun minnatdorchilik bildirdi va faoliyatida zafarlar tiladi. «Bu kitob ko‘plab mamlakatlar bolalar yozuvchilarining hamkorligi samarasidir. U raqsga tushishni yaxshi ko‘radigan saxiy va tirishqoq ayiq haqidadir. Men ishonaman-ki, siz o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi bu kitob mutolaasidan bahra olasiz,»- dedi Spratlin xonim.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ko‘ngillilari tomonidan Shayhontohur va Yunusobod tuman maktablarining 4-5-sinf o‘quvchilari uchun stansiyalar o‘yini tashkil etildi. Kutubxona foyesida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomoshadan so‘ng o‘quvchilar 10 kishilik 3ta guruhga bo‘lindilar va matematik, geografik va mantiqiy savollar, o‘zbek, rus va inliz tillaridagi so‘z o‘yini va krossvordlar kabi vazifalar tayyorlangan «Intellektual», «Tillar» va «Ijodiy» stansiyalar bo‘ylab topshiqlarni bajardilar. Ko‘ngillilar bolalarga o‘z qo‘llari bilan qo‘l ostidagi predmetlardan do‘stlarga va yaqinlariga esdalik sovg‘alari yasashni o‘rgatdilar.

Stansiyalardagi topshiriqlarni bajarib bo‘lgach, bolajonlar uchun kutubxona foyesida musiqiy-raqs dasturi tashkil etildi.
Barcha O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurgan bolajonlar sovg‘a tariqasida sevimli ertaklari yozilgan audio kitoblar oldilar.