O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ma’suma Ahmedovaning “Jo‘natilmagan maktub” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
25.05.2015
2015 yil 25 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida iste’dodli adiba Ma’suma Ahmedovaning yangi “Jo‘natilmagan maktub” deb nomlangan kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitobga adibaning turli yillarda yozilgan qissa va hikoyalari kiritilgan.
Taqdimotda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar aktyorlar, adibaning ustoz va o‘ogirdlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni f.f.d., adabiyotshunos olim Baxodir Karim olib bordi. Unda shoiralar Nazira Salomova, Qutlibika Rahimboeva, shoir Chorsham Ruziev, aktrisa Dilorom Karimova, O‘zbekiston Milliy universiteti katta ilmiy xodimi, izlanuvchi Olim To‘labaev, yozuvchi Salomat Vafo, adibaning shogirdlari “Xurriyat” gazetasi muhbiri Akmal Jumamurodov va tarjimon Timur Tangriberganovlar kitobdagi qissa va hikoyalardan olgan o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. So‘zga chiqqanlar adibaning qahramonlar obrazlari, syujetlar va voqeliklarni haqqoniy ifodalay olish mahoratiga yuksak baho berib, asarlarinig qisqa bo‘lishiga qaramay ularda katta muammolar, quvonchu iztiroblar badiiy aks ettirilganligini ta’kidlab o‘tdilar.
Aktrisa Dilorom Karimova kitobxonlar e’tiborini M.Axmedova asarlarida salbiy personajlarning yo‘qligi va syujetlarning yorqin va bo‘yoqdorligiga qaratdi. “Ma’suma Axmedovaning asarlarida katta qahramonlar yo‘q. Uning qahramonlari xalq ichidan chiqqan, ro‘zg‘or tashvishlari-yu, quvonchlari bilan band oddiy odamlar. Uning asarlaridagi dialoglar esa milliy kolorit va mentalitetni tasavvur qilishda yordam beradi”.

Shoira Qutlibika Rahimboeva M.Axmedovaning “biror bir so‘z qo‘shish yoki olib tashlash mushkul bo‘lgan jumlalar tuzish mahorati” haqida gapirdi va “Adiba sodda gaplar ishlatish barobarida asarning murakkab kompozitsiyasini yaratadi”, dedi.
Taqdimotda kitobxonlar “Mangu kuy” qissasi, “Oddiy hikoya”, “Uyga qaytish”, “Yomg‘irda”, “Yo‘lda”, “Jo‘natilmagan maktub” hikoyalari bo‘yicha o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Shuningdek, kitobxonlar tashkil etilgan taqdimot uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar va muallifni yangi kitob kitob bilan qutlab unga ijodiy muvaffaqiyatlar tiladilar.