Foydali resurslar
2015 yil 22 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida boshqird milliy-madaniy markazi qoshida tashkil etilgan “Agidel” klubining 5 yilliga bag‘ishlangan adabiy-musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika baynalminal madaniyat markazi, rus, ukrain, yaxudiy, qozoq, tatar, ozarbayjon, turkman va tojik milliy-madaniy markazlari vakillari, tadbir mehmonlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochar ekan, boshqird milliy-madaniy markazi rahbari I.Hasanov mazkur tadbirni tashkil etishdagi ko‘magi uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi, klub a’zolarini klubning 5-yillik tavalludi bilan muborakbod etdi va ularga ijodiy barkamollik tiladi. Shuningdek, u boshqird milliy an’analarini, qadriyatlari va urf-odatlarini targ‘ib etib, e’zozlab, yosh avlodga yetkazib berishdagi “Agidel” klubining xizmatlarini, O‘zbekiston Respublikasining milliy va davlat bayramlarida faol ishtirokini alohida ta’kidladi. Boshqird milliy-madaniy markazi rahbari I.Hasanov “Agidel” klubiga Boshqirdiston Respublikasidan hamyurtlar sovg‘asini - kuray boshqird xalq musiqa asbobini hadya etdi.

“Agidel” (boshqird tilidan tarj. “Oq daryo”) 2010 yil 1 may kuni tashkil etildi va rasman ro‘yxatga olindi. 15 faol ishtirokchidan tashkil topgan klub hozirgi kunda 50 nafar faol ishtirokchi va 150 ta klub a’zolaridan iborat. Klubda E.Magiyarova badiiy rahbarligida folklor jamoasi tashkil etilgan. Klubda milliy kuy va qo‘shiqlar o‘rganiladi, raqslar sahnalashtiriladi, turli tadbirlar: uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, madaniy sayohatlar va tabiat qo‘yniga sayrlar tashkil etilmoqda.

Kontsert dasturida “Agidel” folklor guruhi, O‘zbekiston va Boshqirdistonda xizmat ko‘rsatgan artist F.Xoldorova, xonandalar K.Jo‘raev va opa-singil Sabina va Guzal Gasanovalar ijrosida boshqird xalq kuy va qo‘shiqlari jarangladi. Folklor guruhi a’zolari va eng guruhning jajji ishtirokchisi M.Talabaevalar ijrosida quvnoq boshqird xalq raqslari namoyish etildi. Shoira M.Kulieva esa o‘z ijodi namunalarini mehmonlarga armug‘on etdi. Garmonchilar G.Musin va I.Yunusovlar musiqiy kechaga o‘ziga xos kayfiyat bag‘ishladilar.
.jpg)
Tadbirda rus, ukrain va qozoq milliy madaniy markazlari vakillarining musiqiy tabriklari yangradi. Tadbir so‘ngida “Agidel” klubi a’zolari mehmonlarga chak-chak, quymoq va shu kabi milliy taomlarni tortiq etdilar. Kutubxona foyesida xalq xunarmandchiligi namunalari, suvenirlar, kitoblar va “Agidel” klubi faoliyati haqida hikoya qiluvchi ko‘rgazmalar o‘rin oldi.
