Foydali resurslar
2015 yil 21 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti “Dastgohli rang tasvir” kafedrasi professori Alisher Mirzoning “Kallaxonalik yigitcha” deb nomlangan romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yozuvchi va jurnalist X.Do‘stmuhammad, adabiyotshunos olim I.G‘ofurov, akademik, adabiyotshunos olim B.Nazarov, “Sharq yulduzi” jurnali U.Hamdam, f.f.d., san’atshunos T.Mahmudov, adabiyotshunos, tarixshunos olimlar, Shayhontohur tumani O‘DK ARM mutaxassislari o‘qituvchi va o‘quvchilari, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari, kutubxona foydalanuvchilari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Alisher Mirzo – nafaqat rang tasvirning barcha janrlarida ijod qiluvchi musavvir, balki o‘z xalqining kundalik tumushini va ona yurt tabiatini yorqin ranglarda talqin etuvchi yozuvchi hamdir. Bevosita ijodkor tomonidan yaratilgan “Kallaxonalik yigitcha” deb nomlangan roman madaniy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Muallif unda qishloq hayotini, insonlar samimiyatini, go‘zallik dunyosida yashayotgan inson qarashlari bilan ko‘rib, asarda tuyg‘u, hayrat, muhabbat kabi hislarni mahorat bilan tasvirlagan va romanning tabiiyligini ta’minlagan. Alisher Mirzo “Kallaxonalik yigitcha” asarida o‘zining musavvir, o‘qituvchi va inson sifatida shakllanish jarayonini tasvirlagan.

“Kallaxonalik yigitcha” romani – bu A.Mirzoning bolalik, o‘smirlik va uni katta hayot sahnasigacha yetaklab kelgan birda quvonchli, birda qayg‘uli, birda o‘yga to'ldiradigan, birda esa g‘am-tashvishga sherik qiladigan voqealar majmuidir. Kitob qahramoni – bolaligi va o‘smirligi mehnatda toblangan musavvirning o‘zidir.
Akademik va adabiyotshunos olimlar N.Karimov va B.Nazarovlar kitobxonlarni yana bir mashhur insonning hayot yo‘lidan hikoya qiluvchi va barkamol avlod tarbiyasiga katta ahamiyatga ega bo‘lgan memuar asar dunyo yuzini ko‘rgani bilan qutladilar. “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri U.Hamdam va dramaturg X.Rasul, adabiyotshunoslar I.G‘ofurov va O.Madaev A.Mirzoning yozuvchilik mahoratini yuksak baholadilar, uning adabiyotda ham rassomchilikda kabi yutuqlarga erishishiga va uning asarlari kitob javonlaridan munosib o‘rin egallashiga umid bog‘ladilar.

Shuningdek, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti 2-bosqich talabasi H.Sharipova o‘z ustozini talabalar nomidan muborakbod etdi, kitobxon X.Jalilov esa adibga qiziqarli asar uchun minnatdorchilik bildirib ijodiy barkamollik tiladi.
2014 yil eng yaxshi nasriy asari deb tan olingan kitobning taqdimoti ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
