Foydali resurslar
2015 yil 14 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonning tarixiy va madaniy boyligi sanalmish, Temuriylar davri yodgordiklari, me’moriy obidalar ahamiyatini, ularning shu sulolaga dahldorligini va saqlanganligini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan “Amir Temur va Temuriylar davri arxitekturasi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur ilmiy-amaliy seminar shu kabi masalalarga oydinlik kiritishda qo‘yilgan bir qadamdir.
Seminarda arxitektor-olimlar, shaharsozlar, Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Kamoliddin Bekzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Ushbu mavzuni o‘rganishning dolzarbligi haqida gapirar ekan, so‘zga chiqqanlar XIV asr oxiri – XV asr boshini o‘z ichiga oluvchi Temuriylar davrining boy arxitekturasini tarixiy ma’lumotlar orqali ilmiy o‘rganishning muhimligini qayd etdilar.

Arxitektura fanlari doktori M.K.Axmedov o‘zining “Amir Temur va Temuriylar davri arxitekturasida umumiylik va o'ziga xoslik” mavzusiga bag‘ishlangan ma'ruzasida Samarqand, Movaraunnahr va Keshda qurilish, arxitektura va amaliy san’atning rivojlanishi, Amir Temur va uning avlodlari tomonidan barpo etilgan masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, hammomlar, karvon-saroylar va boshqa jamoat binolari haqida so‘z yuritdi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti arxitektura fakultetining katta ilmiy xodimi N. Tuxbayeva saroy shaklidagi qurilmalarning o‘ziga xosligini so‘zlab berdi va usta-quruvchilar tomonidan chizilgan va hozirgacha saqlanib qolgan arxitektura chizmalari orqali konferensiya ishtirokchilarini monumental qurilishlar bo‘lmish Xo‘ja Ahror madrasasi, Ishratxona va Oqsaroy maqbaralarining siri bilan tanishtirdi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va konferensiya tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
