Foydali resurslar
2015 yil 11 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida milliy ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini va Internet tarmog‘idagi kontentni rivojlantirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda muloqot qilishda yoshlarning media savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan galdagi seminar “Ijtimoiy tarmoqda muloqot qilish, yoshlarning media savodxonligini va ko‘ngilochar saytlardagi axborotlardan to‘g‘ri foydalanish etikasini shakllantirish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tgan mazkur seminarni Mirobod kompyuter texnologiyalari kasb-xunar kolleji muhandis-dasturlovchisi Tursunov Bahrom olib bordi. B.Tursunov videolavhalar misolida Internetning foydasi va zarari, global tarmoqqa barcha shaxsiy ma’lumotlarni kiritishning salbiy oqibatlari, shuningdek, Internetga tobelik kabi illat to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Internetning foydali jihatlari to‘g‘risida gapirar ekan uning kerakli ma’lumotni, buyumni qidirib topishdagi roli, dunyoqarashimizning intellektual boyishidagi benazir xizmatlari, uning yordamida vaqt va pul tejash imkoniyati haqida so‘zladi va Internet yordamida bobosining do‘stini topib bergan nabira haqida hikoya qiluvchi videolavhalar namoyish etdi. B.Tursunov shunday oqibatlarning oldini olish maqsadida o‘quvchilarni ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilishda ogohlikka va ko‘ngilochar saytlardagi axborotlardan to‘g‘ri foydalanish etikasiga rioya qilishga da’vat etdi.

B.Tursunov taqdim etgan videolavhalar o‘quvchilarda talay savollar uyg‘otdi va mazmunli munozaraga sabab bo‘ldi. Ular xususan, “Telegram” va “WhatsApp” mobil ilovalarga dahldor savollar bilan murojaat etdilar va o‘z savollariga batafsil javoblar oldilar. O‘quvchilar interfaol uslubda o‘tgan suhbatdan mamnun bo‘ldilar va suhbat tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
