O‘zbekiston milliy kutubxonasida “Chet tillarni turli sohalarga yo‘naltirilgan holda o‘qitish: imkoniyatlar va muammolar” mavzusida birinchi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
02.05.2015
2015 yil 2 may kuni O‘zbekiston milliy kutubxonasida Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy Markazi tomonidan tashkil etilgan “Chet tillarni turli sohalarga yo‘naltirilgan holda o‘qitish: imkoniyatlar va muammolar” mavzusida birinchi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu konferensiya Respublikaning uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilgan islohotlar, ya’ni chet tillarni o‘qitish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar asosini tashkil etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 dekabr 2012 yildagi №1875-sonli “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori ijrosini amalga oshirish doirasida o‘tkazilib, uning muhim yo‘nalishlaridan biri - oliy o‘quv yurtlarida maxsus fanlarni chet tilida o‘qitishda, nofilologik yo‘nalishda ta’lim beruvchi o‘qituvchilar zimmasiga yuklangan vazifalarga bag‘ishlandi.

Konferensiya qatnashchilari uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni o‘qitishga oid islohotlarni, ayniqsa, nofilologik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish chet tillarida olib borilishi muammolarini muhokama qildilar, uning samarali yo‘llarini aniqlash, chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish yo‘llarini topish va mavjud muammolarni hal etish kabi masalalar ustida alohida to‘xtaldilar.

Konferensiyaning sho‘ba majlislarida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va nofilologik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida chet tilini o‘qitish sifatini oshirish; oliy o‘quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklarni chet tilida o‘qitish; ta’lim jarayonini rag‘batlantirish sharoitlari, talabalarda motivatsiyani oshirish va chet tilini egallashning barcha til ko‘nikmalarini rivojlantirish; o‘quv rejalari va materiallarni ishlab chiqish, interfaol metodlar va texnologiyalardan foydalanish; o‘quv jarayonida axborot kommunikativ texnologiyalar integratsiyasi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiyada xalqaro ekspertlar va til mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari, AQSh elchixonasi, Britaniya Kengashi, Gyote instituti, Fransiya elchixonasi va YuNISEF tashkiloti vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridagi kasb hunar kollejlari va institutlari o‘qituvchilari ishtirok etadilar.