O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Namozov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
14.04.2015
2015 yil 14 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Namozov bilan ijodiy uchrashuv va “Yulduzlar shamoli” va “Baxshiyona” deb nomlangan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti professori O‘rozali Toshmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur, taniqli telesuhandon Tolibjon Isroilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir G‘ayrat Majid, O‘zbekiston O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Gulchexra Shoxobiddin qizi, xonanda Qaxramon Mo‘minov va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda o‘zbek milliy folklor ko‘shiqlari mohir ijrochisi, o‘zbek an’anaviy musiqasi yo‘nalishi davomchisi, xonanda Mahmud Namozov o‘z muxlislariga ukasi jurnalist Musurmon Nomozov tomonidan uning ijodiga bag‘ishlab yozilgan «Yulduzlar shamoli» va o‘zining yosh xonandalar uchun darslik sifatida chop etilgan “Baxshiyona” kitoblarini taqdim etdi.
Mahmud Namozov talanti va ijodining o‘ziga xosligi haqida gapirar ekan, O‘rozali Toshmatov unda Surxonadaryo milliy koloriti ta’sirini, u yerning qo‘shiqlarining xususiyatlari va xonandaning shu qo‘shiqlarni dunyoga tanitishdagi sayi harakatlari haqida gapirdi. “Mahmud Nomozov xalq qo‘shiqlariga zamonaviy sayqal berib, ularni mohirona ijro etadi va shu orqali ularni avloddan avlodga yetkazadi”, - dedi O‘.Toshmatov.

Kechada, shuningdek, Mahmud Nomozov bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi shoir va bastakorlar so‘zga chiqdilar. Ular hamkorlik jarayonining qiziqarli damlari va har bir yosh xonandaga ibrat bo‘lgulik Mahmud Nomozovning professional va insoniy xislatlari haqida gapirib berdilar.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Nomozov yig‘ilganlarga “Baxshiyona”, “Ohu-voh”, “Mayxona”, “Sog‘inch”, “Sevgi”, “Nigoh” va boshq. qo‘shiqlarini armug‘on qildi.
Uchrashuv ishtirokchilari va OAV xodimlari Mahmud Nomozovga kelajakdagi rejalar, zamonaviy estrada ijrochiligiga munosabatlari, uning ustozlari va shogirdlari to‘g‘risida savollar berdilar. Samimiyat va ochiqlik ruhida o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va ular xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.
