O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ziyovuddin Jo‘raevning “Movardiyning Sharq davlatchilik ta’limoti (X – XI asrlar)” monografiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
09.04.2015
2015 yil 9 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy univetsiteti Tarix fakulteti “Manbashunoslik va arxivshunoslik” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ziyovuddin Jo‘raevning “Movardiyning Sharq davlatchilik ta’limoti (X – XI asrlar)” monografiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda siyosatchilar, sotsiologlar, tarixchi-olimlar, sharqshunoslar, adabiytshunos-olimlar, ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar, O‘zbekiston Milliy univetsiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent Davlat madaniyat va san’at instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.

Ziyovuddin Jo‘raev o‘z monografiyasida o‘zbek olimlaridan birinchilardan bo‘lib Movardiy yashagan davrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, Movardiyning ilmiy merosi, “Ahkom as-sultoniyya” asarining ilmiy o‘rganilganligi, Sharqshunoslik instituti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Ahkom” asari qo‘lyozmalarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berdi.
Monografiyaning tadqiqot qismida muallif mazkur asarda Sharq davlatchiligiga oid ta’limotlarni manbashunoslik jihatidan o‘rganadi, unda davlat boshlig‘ini saylash konspsiyasi, unda markaziy xokimiyatning mohiyati, davlat boshqaruvida vazir va amirlarning o‘rni, vakolati va vazifalarini tadqiq etadi.

Movardiyning «Al-ahkom as-sultoniyya» kitobida qozilik tuzumi, shikoyatlar bo‘yicha devonning ishlarini yo‘lga qo‘yish tartiblari va taftishchilik bo‘yicha nimalar qilinishi lozimligi batafsil bayon qilingan.
Bundan tashqari, imom Movardiy o‘zining bu kitobida davlatning vazifalari, hokim va mahkum o‘rtasidagi aloqalari aytib o‘tgan. Kitobda o‘lja, jizya, xaroj va qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish masalalari ham batafsil yoritilgan.
Jo‘raev o‘z kitobida Movardiy fiqh ilmiga ijtimoiy-siyosiy boshqaruv, davlat, saltanat, moliya va huquq bilan bog‘liq maxsus tushunchalar kiritganligini va shu tariqa musulmon olamida davlat boshqaruvi bo‘yicha ilk asar yaratganini ilmiy asoslab berdi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar Ziyovuddin Jo‘raevning monografiyasi hususida o‘z fikrlarini bildirdilar va mazkur asarning muhimligi va dolzarbligini ta’kidladilar.