O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rassom Husan Sodiqov bilan ijodiy uchrashuv va uning rasmlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
02.04.2015
2015 yil 2 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rassom Xusan Sodiqov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Iste’dodli karikaturachi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zosi, respublika va xalqaro tanlovlar ishtirokchisi Husan Sodiqov bilan bo‘lgan ijodiy uchrashuvda rassom Shavkat Muzaffar, “Gulhan” va “G‘uncha” bolalar jurnallari ijodkorlari, Shayxontohur O‘quv davolash kompleksi o‘quvchilari va 100- maxsus maktab o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bosh muharriri Shukur Qurbon olib bordi. Tadbirda bolalar shoiri Tursunboy Adashboev, adabiyotshunos-olim Erkin Xudoyberdiev, rassom Mahmud Eshonqulovlar so‘zga chiqdilar va rassomning ijodi, faoliyati yutuqlari va o‘zbek san’atini dunyoga taratishdagi roli haqida gapirdilar.
Yurtimizdagi kulgi ixlosmandlarining barchasiga Husan Sodiqovning nomi yaxshi tanish. U jamiyatimizdagi illat va kamchiliklarni maromiga keltirib hajv qiladi. Keyingi yillarda u shaxsiy tashabbusi bilan “O‘zbek xalq ertaklari”, “Jahon xalqlari ertaklari”, “Biz nega kulamiz?” kitoblari chop etilib, bolajonlarga olam-olam quvonch ulashmoqda.

Shuningdek, rassom dunyoning ko‘plab mamlakatlarida karikatura bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro karikatura tanlovlarida faol qatnashib, bir qancha medallar va diplomlar bilan taqdirlangan. Rassom “Mushtum” tahririyati qoshida yosh karikaturachi va grafik rassomlarga o‘zining uzoq yillik tajribalaridan orttirgan ijod sir-sinoatlarini muntazam o‘rgatib kelmoqda. Husan Sodiqovning ijodiy ishlari dunyoning turli mamlakatlarida davlat muzeylari va shaxsiy kollektsiyalarda saqlanadi. “Mushtum” jurnalining bosh rassomi Husan Sodiqov jurnal sahifalarini turfa karikaturalar bilan bezashda g‘ayrat ko‘rsatib kelmoqda.

Ijodiy uchrashuv davomida Milliy kutubxona foyesida Husan Sodiqovning “O‘zbekistonning ikki rivoyati” kitobi va “O‘zbek xalq ertaklari” turkum kitoblariga chizgan suratlarining asl nusxalari namoyish etildi. Husan Sodiqov chizgan suratlar kitoblarni mazmunan boyitmoqda va shu bilan kichik kitobxonlar qalbidan joy olmoqda.
Husan Sodiqov bilan bo‘lgan ijodiy uchrashuv va rasmlar ko‘rgazmasi kutubxona foydalanuvchilarida katta taassurot qoldirdi.