Foydali resurslar
2015 yil 18 mart kuni O‘zbekston Milliy kutubxonasida tilshunos, qomusiy olim, mutafakkir Mahmud Zamaxshariy tavalludining 940 yilligiga “Mahmud Zamaxshariy merosi va hozirgi zamon” mavzusida ilmiy-nazariy seminar bo‘lib o‘tdi. Ilmiy-nazariy seminar Imom Buxoriy Xalqaro markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, Beruniy nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, Xorazm Ma’mun Akademiyasi, Urganch Davlat universiteti, O‘zbekiston “Ma’rifatparvar” jamiyati va “Abu Rayhon Beruniy avlodlari” jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Seminar Mahmud Zamaxshariy hayoti va ijodini hamda merosining filologiya, ma’naviyat, dinshunoslik, ijtimoiy-gumanitar va falsafiy fanlar rivojidagi o‘rnini o‘rganishga yo‘naltirilgan. Tadbir avvalida “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan buyuk mutaffakir Mahmud Zamaxshariy hayoti, ijodi va ma’naviy merosi haqidagi «Fasohat ilmining sultoni» nomli video lavhaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti, t.f.d., prof. B.A. Abduhalimov, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti rektori f.f.d., prof. A.M.Mannonov, Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori N.M.Muxammadiyev, Xorazm Ma’mun Akademiyasining ilmiy kotibi M.S. Abdullayevlar ishtirok etdilar.
Buyuk mutaffakir Mahmud Zamaxshariyning tilshunoslik, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz, jo‘g‘rofiya, tafsir fanlarining rivojidagi xissasi haqida gapirar ekan, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti, t.f.d., prof. B.A. Abduhalimov uning X asrda aytilgan bo‘lishiga qaramay o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan ma’naviyat va ma’naviy madaniyat to‘g‘risidagi fikrlarini alohida ta’kidladi.
Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori N.M.Muxammadiyev Sharqda ham, G‘arbda ham azaldan qadrlangan ilmiy asosda muayyan darajada o‘rganilgan Zamaxshariyning boy ilmiy-ma’naviy va adabiy merosi haqida gapirdi va “Buyuk mutafakkir Zamaxshariy bizga boy va ulkan ilmiy meros qoldirgan. Hozirgi kunda Zamaxshariy asarlarini mukammal, har tomonlama chuqur o‘rganib, o‘zbek tiliga tarjima qilish, ulug‘ mutafakkir qalamiga mansub boy ilmiy-ma’naviy merosni keng jamoatchilikning haqiqiy boyligiga aylantirish va kelajak avlod uchun yetkazib berish olimlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.”, dedi.

Konferensiyada hozirgi zamon yetakchi o‘zbek faylasuf, tarixchi, tilshunos olimlarining, sharqshunos-tadqiqtchilarning Mahmud Zamaxshariy ilmiy-ma’rifiy merosi, Mahmud Zamaxshariy ma’naviy merosining islom madaniyatida tutgan o‘rni, yoshlar ma’naviy ongini shakllantirishda Mahmud Zamaxshariy asarlarining o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.