O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda hujjatli merosni saqlanishi va ochiqligi” mavzusida seminar o‘z ishini boshladi -
Bo`limga qaytish
16.03.2015
2015 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida YUNESKOning 2014-2015 yillarga mo‘ljallangan “ Axborot xamma uchun” - “Ochiq ta'lim manbalarini rivojlantirish va kutubxonalarda hujjatli merosni saqlash” nomli grant loyihasi doirasida “O‘zbekistonda hujjatli merosni saqlanishi va ochiqligi” mavzusida seminar-trening o‘z ishini boshladi. YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya doirasida amalga oshirilayotgan mazkur seminar-treningda axborot-kutubxona muassasalari, axborot-resurs markazlari, tegishli muzey va arxiv nodir fondlari bilan ishlovchi mutaxassis va xodimlari qatnashmoqdalar.

Loyiha maqsadi - O‘zbekistondagi kutubxona-axborot fondining hujjatli va raqamli merosini sifatli saqlanishi sharoitini ta'minlash, mamlakat axborot-kutubxona fondining hujjatli merosini saqlash dasturini yaratish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida muloqot va tajriba almashish platformasini shakllantirish, shuningdek elektron manbalar va soha mutaxassislarini yetakchi axborot-kutubxona texnologiyalari bilan ishlashga o‘rgatish vositasida ochiq ta'lim manbalarini rivojlantirish.

O‘zbekistonda YUNESKO ishlari bo‘yicha mas'ul kotib Alisher Ikromov seminarni ochiq deb e'lon qilar ekan, uning qatnashchilariga jahon madaniy merosni asrab qolib uni kelajak avlodga yetkazishga da'vat etuvchi BMTning “Jahon xotirasi” Dasturi maqsadi va vazifalari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Shuningdek, A.Ikromov “Ochiq ta'lim manbalarini rivojlantirish va kutubxonalarda hujjatli merosni saqlash” granti loyihasi doirasida bajarilgan va rejalashtirilgan ishlar bilan tanishtirdi.

Seminar-trening davomida mutaxassislar yangi me'yoriy hujjatlar bilan tanishadilar, nodir nashrlar restavratsiyasiga tadbiq etilgan ilg‘or texnologiyalar, qo‘lyozmalar va alohida qimmatga ega nashrlarni saqlash va ularning ma'lumotlar bazasini yaratish tartibi to‘g‘risida nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar.
Respublikaning turli axborot-kutubxona muassasalari, axborot-resurs markazlari, tegishli muzey va arxivlaridan kelgan nodir fondlar bilan ishlovchi 30 mutaxassis va xodimlar qatnashayotgan mazkur seminar-trening 20 martga qadar davom etadi.