Foydali resurslar
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2015” “Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot-kutubxona resurslari” IX Xalqaro anjumani tashkiliy ko‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda konferensiya doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar muhokama qilindi, dastlabki madaniy tadbirlar dasturi tasdiqlandi va xalqaro tashkilotlar, jahon va MDH davlatlari Milliy kutubxonalari, Vazirlik va idoralar vakillari ishtiroki masalalari ko‘rib chiqildi. Tashkiliy ko‘mitaning majlisiga elektron OAV vakillari taklif etildi.
“Central Asia – 2015” IX Xalqaro anjumani maqsadi – fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot-resurslarini qo‘llash va rivojlantirishda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ta’sirchan hamda samarali hamkorlikni faollashtirish.
Tashkiliy ko‘mita majlisida “Central Asia – 2015” IX Xalqaro anjumaniga tayyorgarlikning borishi, Milliy kutubxona veb-saytida davom etayotgan onlayn-ro‘yxatga olish va konferensiya maqolalari to‘plamiga maqola berishning borishi to‘g‘risida so‘z bordi. Anjuman tadbirlarining dastlabki dasturiga ko‘ra anjumanning birinchi kunida - 22 aprel kuni 5 ta sho‘’ba majlisi, ikkinchi kunida – 23 aprel kuni anjumanning yalpi majlisi va uchinchi kunida – 24 aprel kuni axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari uchun davra suhbatlari, seminarlar va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirga taklif etilgan elektron OAV vakillari anjuman tashkilotchilariga Toshkent shahrida 2015 yilning 22-24 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan “Central Asia – 2015” IX Xalqaro anjumanining tashkiliy masalalariga dahldor savollar bilan murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.