Foydali resurslar
2015 yil 3 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbek Davlat konservatoriyasi professori Muyassar Razzoqova bilan ijodiy uchrashuv va «Vvedeniye v osnovы akademicheskogo peniya» (“Akademik xonandalik asoslariga kirish”) deb nomlangan darslik-kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Kompozitorlar uyushmasi raisi, professor Rustam Abdullayev, A.Navoiy nomidagi DAKT saxnalashtiruvchi-rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Andrey Slonim, Muyassar Razzoqovaning hamkasblari va talabalari, shuningdek kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar Muyassar Razzoqovaning O‘zbek opera san’ati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini ta’kidladilar. Hususan, O‘zbekiston Kompozitorlar uyushmasi raisi, professor Rustam Abdullayev o‘z nutqida M. Razzoqovaning jahon opera ijrochiligi reytingi ko‘rsatkichlari, taqdim etilayotgan kitobda mohir san’atkorning opera sahnasida to‘plagan ko‘p yillik va qimmatli tajribasi o‘z aksini topgani haqida gapirdi va uni bo‘lajak opera xonandalariga opera ijrochiligi sirlari bilan tanishish imkonini beruvchi kitob sifatida baholadi.

Tadbirda Muchssar Razzoqovaning ustozi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Andrey Slonim o‘z shogidining muvaffaqiyatlari garovi uning talanti, mehnatsevarligi va barkamollikka erishish ishtiyoqida ekaniga urg‘u berdi va “kitob talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun juda kerakli darslik” ekanini e’tirof etdi.
Taqdimotda O‘zbek Davlat konservatoriyasi professori Muyassar Razzoqova o‘z «Vvedeniye v osnovы akademicheskogo peniya» (“Akademik xonandalik asoslariga kirish”) deb nomlangan darslik-kitobining mohiyati, maqsadi va vazifalari bilan tanishtirdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Normo‘min Sultonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shukur G‘ofurov, Muyassar Razzoqovalar va kamera orkestri ijrosida «Romeo va Djuletta», «Sitsiliya oqshomi», «Don Juan», «Traviata» operalaridan parchalar, «Vdol po ulitse metelitsa» rus xalq qo‘shig‘i yangradi.
Tadbir mehmonlari, OAV xodimlari va Milliy kutubxona foydalanuvchilari Muyassar Razzoqova ijodi va repertuari hususida savollar bilan murojaat etdilar va javoblar va opera qshiqlaridan tuzilgan konsertdan juda mamnun bo‘ldilar.
