Foydali resurslar
2015 yil 25 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining Vasiylik kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Bahor keldi seni so‘roqlab” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 31 oktyabrdagi “O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda shoiralar Muhtarama Ulug‘ova, Kumush Abdusalomova, shoir Xushnud Darvesh, adabiyotshunos Yo‘ldosh Solijonov, Zulfiya mukofoti laureati, kompozitor Oydin Abdullaeva, Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti professor-o‘qituvchilari va kursantlari, Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchilari va Milliy kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bosh muharriri, shoir Shukur Qurbon olib bordi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek adabiyoti xazinasini benazir asarlari bilan boyitgan, har bir misrasida eng oliy insoniy xislatlar tarannum etilgan, she’riy to‘plamlari bilan milliy adabiyot dovrug‘ini dunyoga taratgan shoira Zulfiya ijodi, faoliyati va uning avlodlar uchun ibratli hayoti haqida gapirdilar.
Shoira Muhtarama Ulug‘ova Zulfiyaning respublika viloyatlari bo‘ylab qobiliyatli yoshlarni axtarib qilgan safarlarini tilga oldi, yosh qalam ahliga o‘z amali va shirin so‘zi bilan ko‘rsatgan ustozligi haqida xotirladi va o‘zini “Zulfiyaning shogirdi” ekanligidan faxrlanishini e’tirof etdi. Shuningdek u Zulfiyaning ba’zi asarlari va tarjimalarining yaratilish tarixi haqida va uning hayotidan yoshlarga o‘rnak bo‘lgulik voqealarni so‘zlab berdi.
Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchilari esa shoira Zulfiya she’rlari asosida mushoira o‘tkazdilar va bu bilan uning lirikasi hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmay, yoshlar tomonidan sevib o‘qilishi va yod olinishini isbotladilar.
Adabiyotshunos Yo‘ldosh Solijonov yig‘ilganlarni Zulfiyaning 1965 yilda Farg‘onada bir necha oy o‘tkazgan davriga bag‘ishlangan xotiralari jamlangan kitobi bilan tanishtirdi. “Farg‘ona Zulfiyaxonimni ruhlartirib ijod qilishga undagan va uning “Farg‘ona ilhomlari” to‘plamining yaratilishiga sabab bo‘lgan”, deb shu to‘plamdan o‘rin olgan she’rlardan o‘qib berdi.
Zulfiya mukofoti laureati, kompozitor Oydin Abdullaeva, shoira Kumush Abdusalomova va shoir Xushnud Darveshlar ham o‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya nomini tilga olib, uni hayot bog‘larida ruhan biz bilan birga ekanini his qilishlarini, o‘z ijodlarida uning ruhiy daldasini xis etishlarini e’tirof etdilar.
Bahor, yoshlik, ko‘klam, yasharish, yangilanish, Vatanga muhabbat, sadoqat va vafoni tarannum etuvchi XX asrning benazir shoirasi Zulfiyaxonim qalamiga mansub she’rlar yangragan mazkur tadbir barchada iliq va unutilmas taassurotlar qoldirdi.