Foydali resurslar
Mazkur kitob-albom “Ma’naviyat” nashriyoti tomonidan 320 bet hajmida chop etildi. Kitob R. Sulaymonov, R.Qo‘chqorov, Yu.Buryakov va bshq.lardan iborat mualliflar guruhi tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.
“Toshkent viloyati deganda ko‘z oldimizda Chotqol, O‘gam, Chimyon kabi tog‘lari, serhosil dalalari, ulkan sanoat korxonalari, zamonaviy shaharlari, fayzli qishloqlari, so‘lim bog‘-rog‘lari bo‘lgan go‘zal bir voha namoyon bo‘ladi”, - deb Islom Karimov 15,3 ming km.2 maydonda joylashgan, 2,7 mln. aholi istiqomat qiluvchi, 14 tuman, 4 shahar, 18 shaharcha va 152 qishloq fuqarolar yig‘inidan iborat Respublika sub’ektlaridan biri - Toshkent viloyatining tabiati va infratuzilmasini ta’riflaydi.
Kitobda Buyuk Ipak yo‘lining muhim bo‘g‘inida joylashgan Toshkent vohasining paydo bo‘lishidan tortib paleolit davri atiqalari Chirchiq daryosining yuqori oqimida, Oxangaron daryosi havzasida, Birchmulla qishlog‘i va Xo‘jakent, Chotqol, Pskem qoyalarida muhrlangan atiqalar haqida hikoya qilinadi.
Shuningdek kitobda madaniy merosga, ya’ni bronza va temir asri, antik davr va o‘rta asr, mug‘ul bosqini va Temuriylar hukmronligi davri topilmalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Kitobda nafaqat tabiat bor go‘zalligida tasvirlangan, balki tarixiy obidalar, memorial yodgorliklar, maqbaralar va ziyoratgohlar bezaklari va naqshlari betakror jilolari haqqoniy tuslarda berilgan.
Mazkur kitob-albomda Toshkent viloyatining barcha etnik guruhlariga mansub marosimlar va udumlarga ham ma’lumotlar berilgan.
Kitobning asosiy qismi Toshkent viloyatining mustaqillik davrida erishgan yutuqlari, iqtisodiyoti imkoniyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi, obod turmushi, ma’naviy va madaniy hayoti aks ettirilgan.
Hozirgi Toshkent viloyatining tarixi va buguni haqida hikoya qiluvchi qiziqarli ma’lumotlardan tashqari kitobxonlar e’tiborini shubhasiz undagi rang-barang rasmlar jalb qiladi.