Foydali resurslar
2015 yil 12 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi majlislar zalida O‘zbekiston xalq artisti sozanda, bastakor O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston djaz-orkestri badiiy rahbari Mansur Toshmatov bilan ijodiy uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Umida Abduazimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Andrey Petrovets, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon, estrada-sirk kolleji, Mirobod tumanidagi axborot texnologiyalari kolleji o‘quvchilari, Turin politexnika universiteti va O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi talabalari, shuningdek kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni taniqli jurnalist Boris Babayev olib bordi. Mansur Toshmatov ijodiy yo‘li haqida gapirar ekan moderator uning «Sintez», «Navo», «Sado» kabi vokal-cholg‘u ansabllaridagi faoliyati, u tuzgan “Sideris”, “Setora” guruhlariga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Mehmonlar e’tiboriga "Pesni-78" televizion tanlovidan lavha, ya’ni u kuylagan “Tashkent - Zvezda Vostoka” qo‘shig‘i namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Umida Abduazimova Mansur Toshmatov bilan ijodiy hamkorligi to‘g‘risida va shu hamkorlik natijasida tug‘ilgan qo‘shiqlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.”Mansur juda o‘z qo‘shiqlariga o‘ta talabchan, shuning uchun ularning so‘zlarini tanlashda mas’uliyat bilan yondoshadi. Ahamiyatlisi shundaki, u kerakli joyda kerakli qofiyani taklif qilishi mumkin. Men uning repertuaridagi ko‘plab qo‘shiqlar bizning hamkorlikdagi mehnatimiz mahsuli bo‘lganidan mamnunman”, dedi shoira.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Andrey Petrovets Mansur Toshmatovning Botir Zokirov nomidagi estrada-simfonik orkestri rahbari, “Jazirama” djaz guruhining prodyuseri va rahbari sifatida faoliyati to‘g‘risida Shunday dedi: “U serqirra ijodkor. O‘zi ham ziyoli va mehnatkash inson. U zamon bilan hamnafas. Uning qo‘shiqlari hamma yoshdagilarga manzur. Uning shogirdlari xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egallab, g‘alaba bilan qaytadilar. U estrada qo‘shiqchilik san’atining barcha yo‘nalishlarida o‘zbek, rus, ingliz, italyan va boshqa tillarida kuylab kelmoqda va ko‘plab shogirdlar tarbiyalab, ularni yetuk san’atkorlar qatoriga qo‘shib kelmoqda”.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon esa yig‘ilganlarga mashhur kompozitor, O‘zbekiston xalq artisti, “Dutorchilar” ansamblining badiiy rahbari G‘anijon Toshmatov oilasida haqida gapirib berdi va bu oilaga bo‘lgan ehtiromini she’r bilan ifoda etdi.
Mansur Toshmatovning, “Zvezdopad”, “Koroleva Krasotы”, “Kanatoxodets”, “Odnajdы”, “ Tы i Ya”, “Moya Lyubov”, “Tell”, “My way”, “She is a lady”, “Fall in love”, “Quando mi amore”, “Just once” kabi qo‘shiqlari hozirgi kunda ham o‘z muhlislariga ega. Ijodiy uchrashuvda ham u yig‘ilganlarga o‘z qo‘shiqlarini armug‘on etdi.
Ijodiy kechaga yig‘ilganlar ijodkorga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Konsert dasturi va savol-javoblar ularda chuqur taassurotlar qoldirdi.