Foydali resurslar
Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki, jafo qilsa, jafo topqusidur,
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonliq hargiz
Har kimki, yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.
Zahiriddin Muhammad Bobur
2015 yil 10 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, davlat arbobi, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligi munosabati bilan “Anda jonim qoldi...” deb nomlangan davra suhbati va kitob rasmli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqida gapirib, uning ijodidan g‘azal va ruboiylar o‘qidi.
Tadbirda O‘zMTDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari A.H. Eshmurodov, olim, f-m.f.d. prof. Abdulla A’zam, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, tarix fanlar doktori Azamat Ziyo, Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayit, f.f.d. adabiyotshunos-olim Hamidulla Boltaboyev, hofiz Toirjon Latipov va O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari ishtirok etdilar.
Davra suhbatida Qibray Agrotijorat kasb-xunar va Shayxontohur O‘quv-davolash kollejlari o‘quvchilari va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining shaxsiy tarkib bilan ishlash boshqarmasi kursantlari va kutubxona foydalanuvchilari ham ishtirok etdilar.
“Bobur haqida gapirar ekanmiz, albatta u o‘z ustozi deb bilgan Alisher Navoiy nomini tilga olmaslikning iloji yo‘q, dedi olim, f-m.f.d. prof. Abdulla A’zam, axir uni hozirgi kunda ham o‘zbek xalqining ma’naviy ustozi, deb atashimiz bejiz emas”. Notiq Alisher Navoiyning “Hazoinul maoniy” asaridan tarbiyaviy xarakterdagi misralardan misol keltirdi va huddi shu jixat Bobur lirikasiga ham xosligini ta’kidlab o‘tdi.
Davra suhbatida o‘zbek davlatchiligi tarixida Boburiylar sulolasining o‘rni va bugungi yoshlar ma’naviyatidagi ahamiyati, Bobur adabiy merosi, sulolaning 33 vakili jahon adabiyoti va san’atiga qo‘shgan hissasi alohida tilga olindi.
Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayit yig‘ilganlarga Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi faoliyati haqida ma’lumot berdi. Jamg‘arma ko‘magida chop etilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” kitobini taqdim etar ekan u kitobning tuzilishini sharhladi va Bobur fenomenini o‘rganuvchilar uchun kitobning amaliy ahamiyatini gapirib o‘tdi.
Tadbir doirasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Hamidulla Toshpo‘latov Bobur hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlaridan parchalar namoyish etdi, hofiz Toirjon Latipov ijrosida esa Bobur g‘azallarga bastalangan mumtoz kuylar yangradi.
Davra suhbati Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan dolzarb va mazmunli chiqishlar bilan tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.