Foydali resurslar
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” deb nomlangan kitob bilan to‘ldirildi. Mazkur kitob “Andijon nashriyot-matbaa” MChJ tomonidan 478 bet hajmida chop etildi. “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” kitobi Zahiriddin Muhammad Boburning 530 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, Sh.Sh.Rustamxo‘jayev va Z.Sh.Berdiyevalar tomonidan Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi ko‘magida chop etildi.
Mazkur bibliografiyaning yaratilishida Respublikamizda va xorijda nashr qilinadigan 200 dan ortiq nomdagi vaqtli matbuot nashrlaridan, turli mavzudagi Bobur hayoti va ijodiga dahldor kitoblar, ilmiy maqolalar, ma’ruzalar va shu kabilardan foydalanildi. Tuzuvchilar mamlakatimizdagi Kitob palatasi, axborot-kutubxona markazlari va Rossiyadagi yirik kutubxonalarida mavjud kataloglar, kartoteka va kutubxona resurslaridan foydalandilar.
Ushbu bibliografik ko‘rsatkichga Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar hayoti hamda ijodiga oid ma’lumotlar turkiy, arabiy, fors, urdu, hindiy, rus, ingliz, nemis, fransuz va boshqa jahonning o‘nlab vaqtli matbuot nashrlaridan olinib, ma’lum bir tartibda berilgan.
Bibliografik ko‘rsatkichlar quyidagi tartibda berilgan: Bobur asarlari, Bobur va Boburiylarga oid adabiyotlar tiliga ko‘ra xronologik tartibda, Bobur she’riyati, Bobur hayoti va ijodi mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy ishlar, Bobur she’rlagira bastalangan qo‘shiqlar, Bobur nomi bilan atalgan joylar, muzeylar va mukofotlar, kitobda berilgan mualliflar familiyasi va sarlavhalar ro‘yxati.
“Bobur va boburiylar bibliografiyasi” deb nomlangan kitob boburshunos-olimlar, tadqiqotchi-aspirantlar, ilmiy xodimlar, talabalar, axborot-kutubxona sohasi mutaxassislari va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi shaydolari uchun juda foydali manba bo‘lib qoladi.