Foydali resurslar
2015 yil 17 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Tafakkur” o‘quv zalida so‘z san’ati ustasi, mashhur dramaturg, kasbi shifokor, ammo iste’dodi va qiziqishi bo‘yicha yozuvchi bo‘lgan, asarlari dunyoning 100dan ortiq tillariga tarjima qilingan, pesalari esa 100 yillardan buyon dunyo sahnalaridan tushmagan Anton Pavlovich Chexovning 155 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada yozuvchining hayoti, ijodi, uning zamondoshlari va izdoshlari xotiralari jamlangan kitoblar va uning oila va do‘stlari davrasidagi damlari muhrlangan fotosuratlar o‘rin olgan.
Shuningdek mazkur ko‘rgazmada foydalanuvchilar e’tiboriga Chexovning 25 yil davomida yaratgan 900 asaridan ba’zi hikoyalari, pesa va qissalari o‘rin olgan. A.P.Chexovning g‘oyaviy, ma’naviy va ijodiy dunyosi haqida uning zamondoshlari, tanqidchilar va do‘stlarining aytgan fikrlari foydalanuvchilaning alohida e’tiboriga loyiq.
Chexov adabiyotda zamonaviy hikoyachilik janriga o‘ziga xos yo‘nalish yaratdi. Uning ijodiy uslubining originalligi hikoyalarida yakunlovchi hulosaning yo‘qligidadir, bu esa kitobxonni o‘z fikrlash doirasida hulosa chiqarishga undaydi.
Aynan Chexov rus adabiyotida birinchilardan bo‘lib o‘z dunyoqarashiga ega bo‘lmagan, loqayd, turli tabaqa va ijtimoiy qatlamlarga nazar tashlab, ruhiy uyg‘ongan qahramonlarning muhitga qarshilik ko‘rsatish, hayotini qayta qurish qobiliyatini muttasil ravishda namoyish etib bordi. Chexovning diqqat markazida qahramonning ruhiy olami va hatto voqea-hodisalarning rivoji emas, balki ijtimoiy munosabatlar va maishiy to‘qnashuvlarning qahramon xarakteriga ta’siri masalasi bo‘ldi.
Uning «Semiz va oriq», «Chinovnikning o‘limi», «Buqalamun», «Niqob», «Cho‘l», «Zerikarli hikoya», «Duel», «Palata №6», «Noma’lum odam hikoyasi», «Unter Prishibeyev», «Erkaklar», «Ovda», «Unter Prishibeyev» «G‘ilof bandasi», «Boloxonali uy», «Mening hayotim», «Ionich», «Laycha yetaklagan xonim» kabi asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib o‘zbek adabiyotida realistik hikoya janrining maydonga kelishi va hikoyanavislik ijodining shakllanishida muayyan omil bo‘lib xizmat qildi. Uning “Ivanov”, “Chayka”, “Vanya tog‘a”, “Uch opa-singil”, “Olchazor” kabi mashhur pesalari respublikadagi o‘zbek va rus teatrlarida sahnalashtirilgan.