Foydali resurslar
2015 yil 13 yanvar kuni Milliy kutubxonaning kichik majlislar zalida shoir, yozuvchi va tarjimon Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 110 yilligi munosabati bilan davra-suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, f.f.d. san'atshunos olim, prof.Naim Karimov, shoira Umida Abduazimova, f.f.n. adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov, yozuvchi va telejurnalist va yozuvchi Salomat Vafo, shoir Yo‘ldosh Eshbek, OAV vakillari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni Milliy kutubxona bosh muharriri, shoir Shukur Qurbon olib bordi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Naim Karimov Oybekning hali keng kitobxonlar ommasiga tanish bo‘lmagan qirralari, ya'ni 1966 yil zilzilasi davrida yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga qilgan sahovatpeshaliklari, adabiyotga kirib kelayotgan yosh shoir va yozuvchilarga qo‘rsatgan mehribonliklari to‘g‘risida gapirib berdi. Shuningdek, u Oybekning “Alisher Navoiy” romani va “Na'matak” she'rining yaratilishi, “Yevgeniy Onegin” asari tarjimasi tarixi bilan bog‘liq hotiralari bilan o‘rtoqlashdi. “Hatto qo‘l-oyoklari ishlamay qolganda ham, Oybek domla katta ishtiyoq bilan 20 ga yaqin ruboyilarni Zarifa Saidnosirova yordamida yozganlar. Men buni qahramonlikka tenglashtirib hamisha yoshlarimizga o‘rnak sifatida gapirib beraman”, deya o‘z so‘zini muxtasar qildi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik “Men Oybek domlaning yig‘laganlarini ko‘rganman” deb o‘z xotiralarini boshladilar va yig‘ilganlarga 1967 yili Beshqayrag‘och dahasidagi maktablardan birida
Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning “Qutlug‘ qon” asari sahnalashtirilgani va unda Unsin rolini mahorat bilan ijro etgan qiz monolog davrida haqiqiy qo‘z yoshlarini to‘kkani sabab bo‘lganini, shunda asari yosh o‘quvchilarda nechog‘liq chuqur ta'sir etganidan Oybek domla ham ta'sirlanib yig‘laganlarini so‘zlab berdilar.

Tadbirda shuningdek, shoira Umida Abduazimova, yozuvchi va telejurnalist Salomat Vafo, shoir Yo‘ldosh Eshbeklar Oybekni shoir, yozuvchi, publitsist va tarjimonlik mahoratini ta'riflab uning qalamiga mansub va unga bag‘ishlangan she'rlardan o‘qib berdilar.
Tadbirda foydalanuvchilar e'tiboriga Oybek hayoti va ijodi bilan tanishtiruvchi kitob-rasmli ko‘rgazma havola etilgan. Bu yerda Oybek qalamiga mansub asarlar va hassos shoir zamondoshlarining u haqidagi xotiralari o‘rin olgan.
Tadbir juda qiziqarli bo‘lib o‘tdi va yig‘ilganlarda chuqur ta'surotlar qoldirdi.