Foydali resurslar
2015 yil 13 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “O‘zbekiston” zalida “Ustoz Oybek merosidan” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Qo‘rgazma Oybek tahallusi bilan ijod qilgan o‘zbek shoiri, yozuvchi, tarjimon va davlat arbobi Muso Toshmuhammadning 110 yillik tavalludiga bag‘ishlangan.

Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yilda Toshkent shahrida, bo‘zchi oilasida tug‘ildi. Oldin o‘rta maktabda, 1922-1925 yillarda esa Toshkent ta'lim va tarbiya texnikumida, so‘ngra O‘rta Osiyo Davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida tahsil oldi. Uning birinchi “Cholg‘u tovushlari” deb nomlangan she'ri 1922 yilda “Armug‘on” to‘plamida chop etildi. 1926 yilda esa uning “Tuyg‘ular” deb nomlangan kitobi chiqdi.

Oybek she'riyati nihoyatda go‘zal, sodda, ravon, ifodali, boy va rang-barang tili bilan o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Oybek mohir shoir bo‘lgani kabi yetuk romannavis ham edi. O‘zbek xalqining Birinchi jahon urushi davridagi milliy ozodlik qo‘zg‘oloni yozuvchining «Qutlug‘ qon» (1943) romanida zo‘r mahorat bilan realistik ifodalangan bo‘lsa, «Navoiy» (1944) romanida o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazi yaratilgan.

Oybek iste'dodli shoir, yirik nosir bo‘libgina qolmay, mashhur olim, publitsist, tanqidchi, tarjimon va jamoat arbobi hamdir. U A.S.Pushkinning «Yevgeniy Onegin» she'riy romanini, M.Yu.Lermontovning «Maskarad», Y.V.Gyotening “Faust” asarini, Molyerning «Tartyuf» dramalarini, shuningdek, antik adabiyot namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishga muyassar bo‘lgan. Oybekning «Oltin vodiydan shabadalar» (1949), «Quyosh qoraymas» (1958), «Ulug‘ yo‘l» (1977), «Bolalik xotiralarim» (1963, avtobiografik qissasi) “Alisher Navoiy”(1944) dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Kitob-rasmli ko‘rgazmada foydalanuvchilar e'tiboriga O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida mavjud Oybek hayoti va ijodi bilan tanishtiruvchi adabiyotlar havola etilgan. Bu yerda, shuningdek, Oybek qalamiga mansub asarlar va hassos shoir zamondoshlarining u haqidagi xotiralari o‘rin olgan.
