Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mohir san'atkor Hikmat Latipov tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma - Bo`limga qaytish


08.01.2015


2015 yil 7 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Ijod” o‘qish zalida mohir san'atkor Hikmat Latipov tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmadan san'atkorning bosib o‘tgan ijod yo‘lidan so‘zlovchi kitoblar, Hikmat Latipovning shogirdlari va davomchilari hotiralari va rollari muhrlangan fotosuratlar o‘rin olgan. Foydalanuvchilar mazkur ko‘rgazmadan o‘zbek teatr va kino san'atida beqiyos iz qoldirgan fidoiy inson Hikmat Latipov haqida boy ma'lumotga ega bo‘ladilar.  Hikmat Latipov 1900 yil 1 yanvarda Buxoroda tavallud topgan. Sahna faoliyatini 1922 yilda Buxoro teatrida boshlagan Hikmat Latipov 1924 yillarda Moskvaga, Vaxtangov teatri qoshidagi Aktyorlik mahorati Maktabiga yo‘llandi. 1927-61 yillar yillar davomida “Yosh gvardiya” so‘ngra Hamza teatrida aktyor sifatida faoliyat yuritgan.

Hikmat Latipov yaratgan obrazlar o‘z xarakteri bilan obrazning g‘oyaviy va ijtimoiy mohiyatini, ichki olamini chuqur va haqqoniy ochilishi va zo‘r ta'sirchanligi bilan ajralib turadi. Ifodali sahna nutqi, mimika va grimmning mukammalligi, ijrosi sodda va hayotiyligi bilan qimmatlidir. Teatr sahnasida Barah (“Malikai Turandot”), Mengo (“Qo‘zi buloq”), Podkolyosin (“Uylanish”), Qodirqul mingboshi (“Boy ila xizmatchi”), Abdumalik (“Alisher Navoiy”), Yormat (“Qutlug‘ qon”), Brut (“Yuliy Sezar”) kabi 80dan ortiq unutilmas obrazlar yaratgan. Hikmat Latipov mashhur kino aktyori sifatida o‘zbek kinosining rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Uning Abdujabbor (“Stadionda uchrashamiz”), Mansur (“Koniyut g‘orining siri”),  Shukur (“Laylak keldi yoz bo‘ldi”), chol (“Plyushchixadagi uch terak”), Said Obid (“Ulug‘bek yulduzi”), Jo‘ra (“Jo‘ra sarkor”), ota (“Sevgi fojiasi”), Ochil buva (“Chinor”) va boshqa shu kabi obrazlari aktyorga shuhrat va el e'tirofini olib keldi. Xoh kinoda, xoh teatr sahnasida bo‘lsin Hikmat Latipov ijro etgan rollarini alohida mahorat va katta iste'dod bilan ijro etgan. Yetakchi rollardan tortib epizodik rollargacha, barchasida san'atkor o‘zi yaratgan qahramonlar ruhiyatiga kira oldi va ularning kayfiyatini, xarakterini va xissiyotlarini ocha bildi.  Hikmat Latipovning teatr va kino san'ati rivojiga qo‘shgan hissasi munosib baholanib, 1950 yilda Xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi.     

Oldin      Keyin
Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar