Foydali resurslar
2014 yil 15 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasining kichik majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Konstitutsiya va barkamol avlod” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent Davlat yuridik universiteti huzuridagi Akademik litsey hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib unda mazkur litsey va Toshkent iqtisodiyot va diplomatiya universiteti huzuridagi Akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Yurtboshimiz Islom Karimovning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” so‘zlarini shior qilib olgan ilmiy-amaliy konferensiyada “Kostitutsiya va yoshlar huquqlari”, “Kostitutsiya - yoshlar huquqlarining huquqiy kafolatidir”, “Konstitutsiya va barkamol avlod konsepsiyasi” kabi bir qator ma’ruzalar tinglandi. Konferensiyaning badiiy qismida o‘quvchilar ishtirokida o‘zbek va ingliz tillarida konstitutsiyaga bag‘ishlangan she’rlar yangradi.
Jumladan, “Huquq va burch” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari yu.f.d. M.Baratov Kostitutsiya va yoshlar huquqlari haqida gapirar ekan o‘z nutqini “Konstitutsiya – bu mamlakat pasporti, undagi har bir modda, Qonun va Huquqlar majmuasi uning xarakterini ifodalaydi” , deb boshladi va Oliy Qomusimizning 41 va 42-moddalariga alohida urg‘u berib yoshlarga boshqa mamlakatlar kesimida qiyosiy tahlil qildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada qo‘tarilgan masalalarning dolzarbligi barcha o‘quvchilar diqqatini jalb etdi va qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Yuqorida tinglangan ma’ruzalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan bahs-munozaralardan so‘ng quyidagi hulosa va takliflar belgilandi:
1. Barkamol avlodni tarbiyalashda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ko‘lamini yanada takomillashtirish;
2. O‘quvchi-yoshlar ongida Konstitutsiya va Qonunlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish va ularga amal qilish muhimligi haqida tushuntirish;
3. Darsdan tashqari tashkil etiladigan huquqiy tarbiyaga oid tadbirlar darsdagi huquqiy ta’lim natijalarini yanada mustaxkamlash, o‘quvchilarning huquqiy ko‘nikma va malakalarini shakllantiradi;
4. Huquqiy madaniyatni shakllantirishda ta’lim muassasasi, oila, mahalla tizimida tarbiyaviy tadbirlar tashkil etish.