Foydali resurslar
2014 yil 12 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kichik majlislar-zalida Madaniyat va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, «OSIYO RAMZI» O‘zbek modelerlari va dizaynerlari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan «Yosh avlod tarbiyasida o‘zbek milliy kostyum an’analarining o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. “Milliy libos” festivali doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur anjumanda Yevropa va O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalari va soha ilmiy tadqiqot institutlarining olimlari, san’atshunoslar, dizaynerlar hamda respublika to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalarining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Ilmiy-amaliy anjumanda “2015-2016 yillarda jahon trendlari va istiqbolli moda yo‘nalishlari”, “Yoshlar tarbiyasida o‘zbek milliy kostyum an’anaviy qadriyatlarining o‘rni”, “Paxtani dastlabki ishlash jarayonini modernizatsiyalash va qayta jihozlash – o‘zbek paxta tolasini raqobatbardoshligini oshirish omili”, “O‘zbekiston vohalari bo‘yicha etnografik liboslar bichimlarini tizimlashtirish”, “Zamonaviy kiyimlarni modellashtirishda global fikrlash”, O‘zbekistonda sifatli tola beradigan ipak qurti seleksiyasi yutuqlari va istiqbollari”, “Zamonaviy moda yo‘nalishlarini shakllantirishda o‘zbek an’anaviy matolarining o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarda o‘zbek kostyumining milliy an’analarini o‘rganish, saqlash, qayta tiklash va yosh avlod didini tarbiyalash va shakllantirishdagi o‘rni kabi dolzarb masalalar keng yoritildi. Yuqori sifatli takomillashtirilgan to‘qimachilik tolalari va matolarning innovatsion io‘lab chiqarilishiga katta e’tibor qaratildi.
Shuningdek, festival doirasida soha o‘qituvchilari, kolledj va litsey o‘quvchilari, OO‘Yu talabalari uchun mahorat darslari tashkil etildi. Hususan, SES xalqaro tashkilotining moda sohasi eksperti Yeva Margarita Xillers “Zamonaviy ayollar liboslarini modellashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari mavzusida. Unda u hattoki bichishdan habari yo‘q ayollar ham o‘z o‘lchamlarini kiritgan holda kiyim bichish imkonini beruvchi Grafis Versionen dasturi haqida ma’lumot berdi. Toshkent arxitektura-qurilish instituti katta o‘qituvchisi Zafar Matniyazov «O‘zbek milliy liboslar elementlarini 3Dda loyihalash usullari” mavzusida mahorat darsini o‘tkazdi.