“Biz kelajakka ishonamiz!” mavzusida respublika yoshlar Forumi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida -
Bo`limga qaytish
11.12.2014
2014 yil 11 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi majlislar zalida “Biz kelajakka ishonamiz!” mavzusida respublika yoshlar Forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, V.M.Lomonosov nomidagi Moskava Davlat universitetining Toshkent shahar filiali, “Istiqbolli avlod” Yoshlar markazi, O‘zMTRK, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari hamkorligida o‘tkazildi.
Joriy yilning 9-10 dekabr kunlari “Biz kelajakka ishonamiz!” mavzusida Forumining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida 300 nafar yoshlar jalb etildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilgan bosqichning ochilishida so‘zga chiqqan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari Q.Quronboev tadbirning bunday muhtasham ziyo maskanida o‘tkazilishi bejiz emasligiga urg‘u berdi, uning maqsadi xususida to‘xtalib o‘tdi va “Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad, yoshlar vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yakkatartibda ishlashga yo‘naltirish, tarbiyasi og‘ir bolalarni aniqlab psixologlar yordamida ularning qiziqishlariga ko‘ra ijod, fan va sport to‘garaklariga jalb etib, ularni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash va ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish, ularning ma’naviyati va dunyoqarashiga ijobiy ta’sir etish”, dedi.
ATD mudiri M.Boltaboev o‘z nutqida yoshlar bilan bo‘lgan suhbatlarning birida bir 15-yoshli yigit: “Leonardo da Vinchi O‘zbekistonga kelganida edi, bundan-da buyuk asarlar yaratgan bo‘lar edi”, deganini va yana bir yigit Nyu-Yorkda BMTning binosi peshtoqida hilpirab turgan O‘zbekiston bayrog‘ini bashqa bayroqlardan ko‘ra go‘zalroq va mazmunliroq deb hisoblaganini ta’sirlanib gapirib berdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi T.Norboeva O‘zbekistonda bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida gapirar ekan, bu sohada dunyodagi 200 mamlakat orasida O‘zbekiston 9 o‘rinni egallab turgani va 15 sobiq ittifoq respublikalaridan birinchi bo‘lib bolalar Konvensiyasiga qo‘shilganiga urg‘u berib, respublikamiz yoshlarini ularning barkamol inson bo‘lib shakllanishi uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanib Prezidentimiz ishonchini oqlashga, jamiyatga naf keltirishga, o‘zlariga esa porloq kelajak yaratishga da’vat etdi.
Forumning tantanali ochilish marosimidan so‘ng turli seksiyalarda psixologlar, olimlar, san’atkorlar, mashhur shaxslar, sport ustalari bolalar bilan treninglar va suhbatlar olib bordilar.
Tadbir OAV vakillari tomonidan keng yoritildi. Forum so‘ngida bolalar esdalik sovg‘alari oldilar va yoshlar tarbiyasidagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan film tomosha qildilar.