Foydali resurslar
2014 yil 10 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “O‘zbekiston” zalida adabiyotshunos olim, faylasuf, publitsist Vohid Zohidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil etildi.
Iste’dodli olim va pedagog, o‘zbek adabiyotshunoslik fanining tug‘ilish, shakllanish va ravnaq topishida o‘z hissasini qo‘shgan Vohid Yo‘ldoshevich Zohidov 1914 yil Toshkentda tavallud topgan. O‘zbek adabiyotshunosi, faylasuf, publitsist yozuvchi, jamoat arbobi Voxid Zohidovni ko‘p adabiyotshunos olimlar, tarixchi va jurnalistlar o‘ziga ustoz deb biladilar.
Adabiyot, falsafa, tarix va san’atning muhim masalalariga oid qator asar yaratgan, O‘zbekiston FA akademigi, falsafa fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi V.Zoxidov 1933 yilda Ozarbayjon Oliy pedagogika institutini tamomlab Moskvada Tarix, falsafa va adabiyot instituti aspiranturasiga yo‘l oladi. Keyinchalik SamDUda, respublikaning boshqa oliy o‘quv yurtlarida falsafa, estetika va adabiyot tarixidan dars bergan. Uning xizmat ro‘yxatidan O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutining direktori va bo‘lim mudiri, San’atshunoslik instituti direktori, O‘zbekiston Madaniyat vaziri kabi vazafalar o‘rin olgan.
Ko‘rgazmada adabiyot fanini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqqan fidoiylardan biri V.Zoxidov hayoti va ijodi haqida uning Beruniy, Naqshband, Navoiy, Bobur, Ogaxiy, Gulxaniy, Huvaydo, Nodira, Uvaysiy, Furqat va boshqalarga bag‘ishlangan asarlarida sharq xalqlari, xususan, O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti hamda falsafasi tarixiga oid ilgari surgan muammolari va tahlillariga bag‘ishlangan kitoblari o‘rin olgan.
Uning “O‘zbek adabiyoti tarixidan”, “Alisher Navoiyning g‘oya va obrazlari olami”, “Ulug‘ shoir ijodining qalbi”, “Donolar davrasi” kabi katta asarlari materialga boyligi, nazariy teranligi, qo‘yilgan masalalarning va chiqarilgan xulosalarining g‘oyat muhimligi bilan ajralib turadi.