Foydali resurslar
2014 yil 22 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi majlislar zalida Toshkent davlat yuridik universitetining “Sog‘lom avlodni shakllantirishda ekologik qonunchilikning o‘rni va roli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu respublika ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, OAV va boshqa korxona, tashkilot, muassasalardan vakillar qatnashdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Ye.S.Kanyazov mehmonlarni qutladi va konferensiyani ochiq deb e’lon qildi. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida bugungi o‘tkazilayotgan “Sog‘lom avlodni shakllanishida ekologik qonunchilikning o‘rni va roli” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyaning dolzarb jixatlariga to‘xtalar ekan Ye.S.Kanyazov konferensiya o‘z oldiga sog‘lom va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish uchun qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, bu borada tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan yangi qoida va me’yorlar bo‘yicha ekologik qonunchilik tizimi, ekologiya sohasida davlat boshqaruvi va nazorati, yuridik javobgarlik, yer, suv, o‘simlik, hayvonot dunyosi, atmosfera havosi, yer osti boyliklarini muhofaza qilish va oqilona foydalanishni huquqiy tartibga solishning chora-tadbirlari muhokama etilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Konferensiyada U.B.Bozorovning “Barkamol avlod tarbiyasida ekologik qonunchilik va ta’lim-tarbiyaning o‘rni va roli”, X.R.Razzakovning “Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish – davlat va jamiyatning ustuvor vazifasi”, O.A.Abdug‘aniyevning “Yoshlarning ekologik-huquqiy madaniyatini yuksaltirishning dolzarb masalalari”, B.G.Xajixanovning “Qulay atrof muhit va sog‘lom avlodni shakllantirishda ekologik nazoratning o‘rni” Y.O.Jo‘rayevning “Kelajak avlodlar ekologik manfaatlarini ta’minlash ekologik qonunchilik rivojlanishining asosiy tamoyili sifatida” N.E.Mo‘minovning “Sog‘lom avlod tarbiyasida ekologik omillar” M.R.Mirzaabdullayevaning “Sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishda tabiiy resurslardan foydalanishga oid qonunchilikning o‘rni”mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi va muhokama etildi.
.jpg)
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, anjumanda bildirilgan fikrlar, taklif va tavsiyalar ilmiy nazariy g‘oyalar sog‘lom avlodni shakllanishida ekologik qonunchilik tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, anjuman jarayonida bildirilgan fikr-mulohazalar va taklif tavsiyalar ekologik qonunchiligini rivojlantirish va takomillashtirilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga taqdim etildi.