Foydali resurslar
O‘zbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni, “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot resurs markazi tomonidan axborot-kutubxona muassasalarining tashkiliy-metodik faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan o‘zaro aloqani ta’minlash to‘g‘risida”gi Nizom va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 20 martdagi PQ–1729-sonli “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy kutubxona tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan 2014 yilning o‘tgan davrida Xorazm, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazlarida axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari uchun Bibliografiya ishini tashkil qilish va rivojlantirish, Vazirlar Mahkamasining “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini ta’minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012 yil 9 iyuldagi 202-sonli qaror ijrosini ta’minlash masalalariga doir o‘quv-seminarlari tashkil etildi. Ushbu ishlarning navbatdagisi 2014 yil 18 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari tomonidan Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazida “Axborot-kutubxona muassasalarida axborot-texnologiyalarini joriy etish. Dasturiy ta’minot” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Xalq ta’limi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi axborot-kutubxona muassasasalari mutaxassisslari ishtirok etishdi.


Seminarni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xodjayev kirish so‘zi bilan ochdi. Seminarda Ilmiy metodika va tadqiqot xizmatining Bosh mutaxassisi A.Qilichboyev “Axborot-kutubxona faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar”, Axborot-kutubxona fondlarini komplektlash xizmati rahbari N.Xoldorova “Axborot kutubxona resurslarini hisobga olish yo‘riqnomasi. Axborot-kutubxona muassasalariga xadya etilgan adabiyotlarni baholash”, Elektron buyurtmalarni muvofiqlashtirish va resurslarni masofaga yetkazib berish xizmati rahbari A.Gaziyev “Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi shakllari: joriy qilingan texnik loyihalar”, Milliy bibliografiya ma’lumotlar bazasini shakllantirish xizmati rahbari Sh.Rahimova “O‘zbekistonda Davlat bibliografiyasi: muammo va yechimlar” mavzuida Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazining direktori Z. Razzoqberdiyeva “AKM va ARMlarning bugungi kundagi ahvoli” , Jizzax shahar yengil sanoat kasb-hunar kolleji ARM rahbari Mamadaliyeva Farida “ARMlarda olib borilayotgan ishlar” mavzuida ma’ruza qildilar. Seminar yakunida ma’ruzalar bo‘yicha savollarga javob berildi va bildirilgan takliflar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.