Foydali resurslar
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Mezon.uz hamda Kultura.uz bilan hamkorlikda O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv 5 dekabr kuni Milliy kutubxonaning anjumanlar zalida soat 16:00 da o‘tkaziladi. Marhamat, barcha xohlovchilar ushbu tadbirda ishtirok etishlari mumkin.
28 noyabr kuni Milliy kutubxonaning “Adolat” o’quv zalida O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan hamkorlikda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, kasaba uyushmalari, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar tashkilotlari birlashmalari kengashlari madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo’limi mudirlari ishtirok etib, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyatdagi o’rni va ahamiyati, ma'no-mazmuni va mohiyati” mavzusida ma'ruza tingladilar. Ma’ruza so’ngida ishtirokchilar mavzu bo’yicha qizg’in bahs-munozaraga kirishdilar va o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishga muvaffaq bo’ldilar.
2013 yil 29 noyabrda profilaktika va sanitariya ishlarini o‘tkazilishi munosabati bilan Milliy kutubxona xizmat ko‘rsatmaydi.
Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi kitobxonlar bilan anchayin yaqin munosabat o’rnatgan. Kitobxonlar yosh, kasb va soha jihatdan bir-biridan farq qilishsada, barchasini bir ma’naviyatga eltuvchi yo’l birlashtirib turadi. Quvonarlisi, har kungi tashrif buyuruvchilar orasida san'at markazlariga, hunar o’rganish to’garaklariga a'zo maktab o’quvchilari ko’pchilikni tashkil etadi. Ularni rag’batlantirish, tengdoshlariga o’rnak qilib ko’rsatish maqsadida ko’rgazmalar tashkil etish, mahorat darslari o’tkazish kutubxonada an'anaga aylangan.
25 noyabr kuni Milliy kutubxonada “Yosh rassomlar ijodidan” deb nomlangan rasmlar ko‘rgazmasi o’z ishini boshladi. Ko’rgazmada Toshkent shahar Shayhontohur tumani “Eski shahar” Bolalar va o’smirlar ijodiyot markazi “Sharq miniatyurasi” to’garagi a’zosi bo’lmish Hakimov Hayitboyning rasmlari namoyish qilinmoqda.
Hakimov Hayitboy Baxtiyor o’g’li 1999 yilda Toshkent shahrida tug’ilgan. Toshkent shahridagi 24 maktabning 9-sinf o’quvchisi. 2006 yildan buyon “Eski shahar” Bolalar va o’smirlar ijodiyot markazi “Sharq miniatyurasi” to’garagiga qatnashib miniatyura yo’nalishida ijod qilib kelmoqda.